Kambag‘allikdan qutulishning Xitoycha yo‘li
2-qism
O‘zbekiston bilan Xitoy qo‘shnichiligi shunchaki an’anaviy hamkorlik emas, bu ikki davlat o‘rtasidagi tajriba almashish tarixi qadim-qadimga taqaladi. O‘tgan asr 80-yillarida arxeologlarimizning noyob topilmasi haqida bir reportaj tayyorlagandim. Samarqand shahri yaqinida topilgan, qadimiy Afrosiyob shahri devoriga solingan jiddiy kashfiyot darajasidagi suratlarda qabul marosimida qatnashayotgan Chin o‘lkasi elchilari tasviri aks etgani. O‘sha lavhada XIX asrda Samarqandda Xitoy banki tashkil etilgani xususida ham so‘z borgan. Bugungi o‘zaro munosabatni to‘la asos bilan ana shu qadimiy do‘stlikning mantiqiy davomi, deyish mumkin. Yana bir ibratli misol – to‘rt yil muqaddam bugun dunyoning madaniy markazlaridan biri sifatida e’tirof qilinayotgan qadimiy va navqiron Samarqandda dunyoning eng zabardast diniy ustozlari safida tilga olinadigan Xitoy mutafakkiri, mashhur faylasuf Konfutsiy bog‘i bunyod etildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 23 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasi asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalaga bag‘ishlab global sammit o‘tkazishni taklif qildi. Aholining ahvoli og‘ir, juda tashvishli, ayanchli qismi manfaatini ko‘zlab bu dadil qadam tashlanganiga ham to‘rt yil bo‘ldi.
Dastlabki natijalar esa quyidagicha:
Ikki davlat rahbarlari kambag‘allikka, korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashish uchun Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshirishga kelishib oldi.
Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga 2023 yil kiritgan investitsiya miqdori 9,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizga sarmoyasidan 2,5 milliard ko‘p.
Rais Si Szinpin Xitoy O‘zbekiston bilan qashshoqlikni kamaytirish va xavfsizlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi, deb yozdi “Sinxua” axborot agentligi. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” deganlaridek, mamlakatimiz yetakchisi O‘zbekiston “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida Xitoy bilan sherik ekanini tasdiqladi.
Xitoy tajribasi asosida respublikamizning har bir viloyatidagi bir tumanda kambag‘allikdan chiqarish dasturi amalga oshirilmoqda. 2023 yil 24 fevraldan boshlab bu sohada ulkan tajriba to‘plagan хитойлик olimlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida maslahatchi sifatida ish boshlagan.
Ta’kidlash joiz, yurtimizda kambag‘allik va korrupsiyaga qarshi kurash birga olib borilyapti. Ikki raqamni keltiramiz. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi xabariga ko‘ra, 2022 yil olingan poraning eng yuqori miqdori 200 ming, eng kami 50 dollar ekan. Korrupsiya holatlarining uchdan bir qismi sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimida sodir etilgan.
Xitoyda 10 yildan buyon kambag‘allarni qo‘llab-quvvatlash milliy axborot tizimi ishlaydi. Mazkur tuzilmani tashkil qilishdan ko‘zlangan maqsad, avvalo, kabag‘allarni ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan ma’lumot ishonchliligini ta’minlash, qashshoqlikni bartaraf etish bo‘yicha maqsadli siyosat amalga oshirishdan iborat.
Misol keltirishda davom etamiz. Janubi-g‘arbiy Xitoydagi Gansu va Sichuan muzofotlari chorrahasida joylashgan eng kambag‘al hududlardan biri – Kingchuan tumani 2008 yilda yuz bergan zilziladan jiddiy zarar ko‘rgan edi. Shu tumanda “Zhejiang” choyi yetishtiriladigan ulkan hududda oq choy bazasi tashkil etildi. Mamlakatning g‘arbiy hududlarida biznes yuritishni boshlash uchun ko‘plab korxonalar qo‘llab-quvvatlandi, g‘arbdan sharqqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini muntazam sotish yo‘lga qo‘yildi, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalariga yordam berish orqali mintaqaviy taraqqiyot rag‘batlantirildi.
Xitoyning barcha shahar va qishloqlarida oilalarga 50 ming yuangacha 3 yil muddatli, kafilsiz va garovsiz, asosiy foiz stavkasi bilan, qashshoqlikka qarshi kurash uchun byudjet mablag‘idan chegirilgan holda imtiyozli kredit berildi.
Bir qator hududlardagi “Fotovoltaik” stansiyalari ramziy ma’noda qashshoqlikka barham berish yo‘lini yoritdi, desa bo‘ladi. So‘nggi yillarda Xubey viloyati Zigui tumanidagi uchta dara to‘g‘oni yaqinida umumiy quvvati 10.86 Mvt bo‘lgan 50 ta fotovoltaik zavod qurildi.
Tijorat bozorga masofani yaqinlashtiradi, degan gap bor. Mamlakat shimoli-g‘arbidagi Gansu muzofotida joylashgan Longnan shahri Sinbashanning o‘ta qashshoq tog‘li mintaqasida joylashgan. Shu hududda yong‘oq, qalampir, zaytun, Xitoy an’anaviy tibbiyoti uchun mahalliy asal, dorivor xom ashyo bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun onlayn savdo tizimi tashkil etildi.
Ayni payt kambag‘al qishloqlarning 98 foizi optik tolali aloqa tizimidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. 832 kambag‘al qishloqqa elektron tijorat kirib keldi. Internet biznesi orqali kambag‘al sohalar daromad ko‘ra boshladi.
Islohotlar dasturida Dulong xalqini qashshoqlikdan butunlay chiqarish vazifasi belgilangan edi. Xitoyning janubi-g‘arbiy qismidagi Pekindan uch ming kilometr masofada joylashgan chekka bir vodiyda Dulong millatiga mansub 4000 dan ortiq kambag‘al odam yashar edi. Ular ming yillar davomida dehqonchilik, ovchilik va baliqchilik bilan shug‘ullangan. O‘tmishda novdadan yasalgan tom, kulbadan iborat uylar markazlashtirilgan, toza va yaxshi jihozlangan turar joy binolariga aylandi va suv, elektr bilan ta’minlandi. Ilgari daryodan faqat osma bambuk ko‘prigi orqali o‘tilardi. Yarim yillik qor to‘sig‘i tufayli bu yerga transport bilan borishning umuman iloji yo‘q edi. Avtomagistral qurilishi orqali bu yerda hamma narsa joy-joyiga tushdi, aloqa bog‘landi, hayot o‘zgardi.
Dulongda sinov tariqasida qishloq xo‘jaligi bazasi tashkil qilindi, innovatsion ishlab chiqarish texnologiyalari amaliyotga joriy etildi, yangi kadrlar tayyorlandi. Bu yerda “qarg‘a ko‘zi” nomli dorivor o‘simlik o‘stiriladi. Yog‘ingarchilik mo‘l, o‘t-o‘langa boy Dulongda qoramol va parranda ham bugun yaxshi daromad keltirmoqda. Yovvoyi asal va tog‘ qo‘ziqorinidan tayyorlanayotgan maxsus mahsulotlar butun mamlakat bo‘ylab elektron tijorat orqali sotilmoqda. Rivojlanmagan hududlardan kambag‘allarni yaxshi joylarga ko‘chirish Xitoyda qashshoqlikni keskin qisqartirish, kambag‘allikka barham berishning asosiy va eng muhim yo‘li hisoblanadi.
Xitoyning Guyjou viloyatida joylashgan Anlongda logistika va sanoat parki, sayyohlik va bandlik, tadbirkorlik, ho‘l ziravor giyoh, qo‘ziqorin va turli gullar yetishtiriladigan yordamchi tarmoqlar paydo bo‘ldi.
Sanoat rivojlanishi o‘ta qashshoqlikni tugatishda juda qo‘l kelmoqda. Eng kambag‘al hudud sifatida tanilgan Dingxi Sitida 7 ta asosiy sanoat tarmog‘i, jumladan nasldor buqa va qo‘ychilik, sabzavot, meva yetishtirish, tibbiyot uchun dorivor xom ashyo tayyorlash, kartoshka va urug‘lik yetishtirishga asoslangan ishlab chiqarish modeli shakllantirildi. Har bir soha tarkibida xizmat ko‘rsatish, savdo shoxobchalari tashkil etildi.
Ma’lumki, yashash, rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish o‘rtasidagi ziddiyat har doim insoniyat aziyat chekadigan muammolardan biri bo‘lib kelgan. Zaif ekologiya tizimi bilan kambag‘al mintaqalarda qashshoqlikka qarshi kurash, hududni “greening” – yashil bino targ‘iboti bilan rivojlantirish maqsadga muvofiq, deb qaralmoqda. Ekologiyani tiklash, atrof-muhitni yaxshilash, shuningdek aholining muhtoj toifalari daromadini oshirish, boy ekologik resurslarga ega kambag‘al hududlarda ustuvor ekologik sanoatni rivojlantirish, ekologik resurslar afzalligidan foydalanish bosh maqsadga aylanmog‘i darkor, deya ta’kidlaydi mutaxassislar.
Va nihoyat, O‘zbekistonda Xitoy tajribasi asosida birinchi navbatda kambag‘allikdan chiqariladigan tumanlar belgilab olindi – hozircha 14 ta. Kishini xursand qiladigan tomoni – ushbu tumanlar kambag‘allikdan qutuladi. Xafa qiladigan jihati, mulohaza qilib, masalaga tanqidiy nuqtai nazardan qarasak, respublikada aholisi kambag‘al yashaydigan tumanlar orasida poytaxt – Toshkent shahri Chilonzor tumani, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani, “Jannat vodiysi” nomini olgan Farg‘onaning Yozyovoni, Andijon viloyati Paxtaobod tumani, Hadislar sultoni Al-Buxoriy Vatani – Buxoro viloyati Vobkent tumani, Buyuk shoirimiz nomi berilgan Navoiy viloyatining Navbahor tumani, Sohibqiron Amir Temur Vatani Qashqadaryoning Shahrisabz tumani borligi achinarli hol.
Bu O‘zbekistondagi kambag‘allik bilan bog‘liq avvalgi yillar yakuni bo‘yicha tayyorlangan ma’lumot. 2024 yildan boshlab maxsus dastur butun respublika bo‘ylab joriy qilinishi belgilangan. “Agar biz Xitoy tajribasini yakuniga yetkazib amalga oshirsak, kelgusi yil butun respublika bo‘ylab joriy etamiz”, – dedi davlatimiz rahbari.
Kamchiligimizni sir tutishning hojati yo‘q. Ma’lumki, niqob olib tashlangandan keyingina kishi o‘zini erkin, tabiiy tuta boshlaydi. G‘alaba, yutuq, muvaffaqiyat ham shundan keyin kela boshlaydi. Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish tajribasi ulkan, bunga shak-shubha yo‘q. O‘zbekistonning har bir hududi uchun ishlab chiqilgan dasturda asosiy e’tibor kambag‘allik darajasi yuqori tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga qaratilgan.
Davlatimiz rahbari yil yakuniga qadar O‘zbekistonda Xitoy qishloq xo‘jaligidan 10 ta yuqori daromadli loyihani tatbiq etish vazifasini qo‘ydi. Xitoy markazlari bilan hamkorlikda 9445 nafar hokim yordamchisini alohida o‘qitish, ular orasidan yaxshi natijaga erishgan kamida 200 nafarini Xitoyga amaliyot o‘tash uchun yuborish rejalashtirilgan.
So‘nggi raqam: O‘zbekistonda 2022 yil 1 million nafar, 2023 yil ham 1 milliondan ziyod aholi kambag‘allik darajasidan chiqarildi. Savobli, xosiyatli, kelajakni yorituvchi faoliyat davom etmoqda.
Irismat Abduxoliqov,
O‘zA sharhlovchisi