“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Buxoro viloyatida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ro‘yxatiga kiritilgan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha manzilli o‘rganishlar olib borilmoqda.
Mazkur oilalarning ishsiz va yordamga muhtoj a’zolari bilan suhbatlar o‘tkazildi. Ularni daromadli qilish, ijtimoiy iqtisodiy yordamlar ko‘rsatish bo‘yicha har bir oila kesimida individual chora-tadbirlar tuzilib, hududlar miqyosida ahvolni yaxshilash yuzasidan oilalarga mas’ullar biriktirilgan.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov boshchiligida Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bo‘lib o‘tgan seminar qarorning viloyatdagi ijrosi, mahalla va qishloqlarda og‘ir sharoitda yashayotgan oilalarga biriktirilgan mas’ullar faoliyati tahliliga bag‘ishlandi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda kechgan tadbirda viloyat tegishli tashkilot va idoralari, tijorat banklari, huquqni muhofaza qilish idoralari mutasaddilari, onlayn studiyalardan shahar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari boshchiligidagi ishchi guruhlari, mahallalardagi hokim yordamchilari qatnashdi.

Seminar muhokamasida joylardagi o‘rganishlar davomida aynan odamlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular duch kelayotgan muammolarni hal etish, ijtimoiy muhofazaga olingan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali kambag‘allikdan chiqarish, shuningdek, ishlab chiqarish sub’ektlari quvvatini oshirishdagi chora-tadbirlarga e’tibor qaratildi.
Tadbirda ijtimoiy og‘ir deb topilgan qator mahallalar, jumladan, Buxoro shahridagi “Foshun”, “Yoshlik”, Vobkent tumanidagi “Changaron”, Kogon tumanidagi “Tuniroq”, “Hukumatobod”, Shofirkon tumanidagi “Kalon”, “Mazlaxon Chandir”, Buxoro tumanidagi “Bog‘ikalon” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlarida kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan hokim yordamchilari ish faoliyati ko‘rib chiqildi.

Tadbirda hozir bo‘lgan mahalliy hokimlik vakillari, mahallalar “yettiligi” bilan yaqin hamkorlik qilayotgan tijorat banklari, davlat tashkilot va idoralari mas’ullari, qolaversa, ijtimoiy madadga muhtoj oilalarga biriktirilgan mutasaddilar tomonidan bajarilishi zarur bo‘lgan amaliy chora-tadbirlar samaradorligi atroflicha o‘rganilib, bu borada mutasaddilar zimmasiga vazifalar yuklandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri