Kakliklar yurtimizda qoladigan bo‘ldi
Mamlakatimizdan turli hayvonlarni tegishli ruxsatnomalarsiz noqonuniy tarzda olib o‘tmoqchi bo‘lgan qonun buzarliklarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli tarzda kurash olib borilmoqda.
Xususan, Sirdaryo viloyati “Xovosobod” chegara bojxona posti orqali O‘zbekistondan Tojikistonga piyoda harakatlangan fuqaroning qo‘l yuklari o‘rnatilgan tartibda rentgen apparati yordamida bojxona nazoratidan o‘tkazildi.

Natijada fuqaro B.ga tegishli selofan paket ichiga solingan qog‘oz korobkada 4 dona kaklik qushlarni tegishli hujjatlarsiz yurtimizdan yashirincha olib chiqish holati aniqlandi. Holatga oydinlik kiritilguniga qadar ushbu kaklik qushlari Tabiat resurslari vazirligi Sirdaryo viloyati boshqarmasiga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan hamda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Surishtiruv ishlari yakunlangach, qushlar tabiat bag‘riga qo‘yib yuboriladi.
Sh.Suyarov, O‘zA