Kadastr tizimi yanada takomillashmoqda
Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyati boshqarmalari hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida Vazirlar Mahkamasining kadastr tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan qabul qilingan qarorlari mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Mamlakatimizda davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni keng jalb etish bo‘yicha Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tajriba-sinov natijalarini inobatga olib, kadastr muhandisi institutini bosqichma-bosqich joriy etish orqali aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi instituti uy-joy fondiga oid ko‘chmas mulk ob’ektlariga nisbatan 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida, 2024 yil 1 iyuldan boshlab respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 22 avgustda qabul qilingan “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni keng jalb etish doirasida kadastr sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z yuritilgan.
[gallery-13649]
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining shu sanada qabul qilingan “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, kadastr sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi joriy qilinmoqda.
– Ro‘yxatdan o‘tkazuvchilarning malakasini oshirish har 3 yilda kamida bir marta Kadastr agentligining Toshkent geodeziya va kartografiya kolleji Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan amalga oshiriladi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Otabek To‘xtayev. – Malaka oshirish kurslari ko‘pi bilan yetmish ikki soatni tashkil etib, malaka imtihoni test shaklida bo‘lib o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchiga ikki ish kuni ichida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchining attestatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.
Matbuot anjumanida Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan 2023 yilning o‘tgan 8 oyi davomida tuman, shahar yer va kadastr nazorati inspektorlari amalga oshirgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
– O‘tgan davr mobaynida 347 ta holatda 35,75 gektar yer maydonlari fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan hech qanday hujjatlarsiz egallanib, ushbu yer maydonlariga o‘zboshimchalik bilan bino-inshootlar qurib olinganligi aniqlandi, – deydi boshqarma boshlig‘i Doniyor Nishonov. – Aniqlangan holatlarni bartaraf etish va yer maydonini qonuniy egalariga qaytarish uchun qonunbuzarlarga yozma ko‘rsatmalar yuborilgan. Ularning 306 nafari yer maydonlarida qurilgan qurilmalarni o‘z hisobidan bartaraf etishdi. 31 ta holatda yer maydonlarini yer egalariga qaytarish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan bo‘lsa, 2 ta holatda yer maydonlarida jinoyat alomatlari borligi sababli prokuratura organlariga yuborilgan. 8 ta holat qonunbuzilishlarni bartaraf etish jarayonida.
Bundan tashqari, 108 ta holatda 88,7 gektar yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlangan.
Joriy yilning 8 oyi davomida yer va kadastr sohasida 766 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanganib, ogohlantirishlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan fuqaro va yuridik shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan 3 milliard 316 million 860 ming so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanilgan.
Matbuot anjumanida OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari.