Jurnalistlar uyushmasidan kutubxonalarga tuhfa
Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazida davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” ruknida chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda samarqandlik jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, viloyatdagi axborot-kutubxona markazlari mas’ullari va hamkor tashkilotlar vakillari hamda yosh kitobxonlar ishtirok etdi.
[gallery-20611]
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha davlat ijtimoiy buyurtmalari tanlovida g‘olib bo‘lib, davlat grantini qo‘lga kiritgan edik, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. – Grant mablag‘lari hisobidan bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini nashrga tayyorlash, chop etish, audio shakllarini yaratish hamda ularni yurtimizdagi axborot-kutubxona muassasalariga beg‘araz taqdim etish ko‘zda tutilgan. Joriy yil mobaynida nashr qilinishi rejalashtirilgan adabiyotlar ro‘yxati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangach, “Kitobxon bolalar” rukni ostida “Shalola”, “Oq qovunning bolasi”, “Uchar hammom”, “Sehrgarning uzugi”, “Bolalikning qo‘lidan tutib” nomli, “Dunyo daholari” turkumida “Stiv Jobs – kompyuterga jon bergan odam”, “Muhammad Ali – barcha davrlarning buyuk bokschisi”, “Leonardo da Vinchi – zamonasidan ilgarilab ketgan aql sohibi”, “Motsart – musiqa dahosi”, “Albert Eynshteyn – serqirra daho” nomli kitoblar chop etildi. Bu kitoblarning har biri 1000 nusxadan nashr etilgan bo‘lib, yurtimizning barcha hududlaridagi axborot-kutubxona markazlariga bepul taqdim etilmoqda.
Taqdimotda Samarqand viloyatidagi axborot-kutubxona markazlari hamda ixtisoslashtirilgan maktablar kutubxonalarining har biriga 20 donadan, jami 720 ta kitob sovg‘a qilindi.
– Kitoblarning bolalar va o‘smirlarning yoshi, ruhi va ularning qiziqishlari hisobga olib tanlangani ko‘rinib turibdi, – deydi Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazi direktori Zebiniso Shodiyeva. – Shu bilan birga ularning dizayni va sifatiga alohida e’tibor qaratilgani, yorqin ranglardan foydalanilgani bolalarning bu kitoblarga qiziqishini oshiradi. Biz uyushmaning bu ezgu tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz va kelgusi turkumlarda ulug‘ allomalarimiz haqida ham shunday kitoblar nashr etilishini kutib qolamiz.
Tadbir davomida, shuningdek, axborot-kutubxona markazlariga Samarqand viloyati hokimligi tomonidan nashr etilgan “Samarqand – yer yuzining sayqali” kitob-albomi ham taqdim etildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri