Jurnalistlar Sergelidagi o‘zgarishlar bilan tanishdi
Toshkent shahar hokimligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun Sergeli tumanida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish va infratuzilma loyihalari bo‘yicha press-tur tashkil etildi.
Unda ishtirokchilarga amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, raqamli boshqaruv tizimlari, zamonaviy infratuzilma va aholi uchun yaratilgan qulayliklar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, tadbir davomida rekonstruksiya qilingan Sergeli avtomobil bozori tanishtirildi.
Ma’lum qilinishicha, Prezidentning mahallalarda xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan 2026-yil 5-yanvardagi qarori ijrosi doirasida qariyb 24 gektar maydonni egallagan “Iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlar Sergeli bozori” to‘liq modernizatsiya qilingan.

Rekonstruksiyagacha bozorda 1 927 ta savdo nuqtasi faoliyat yuritgan va kuniga 7 mingdan ortiq xaridor tashrif buyurgan. Biroq tartibsiz avtoturargoh va yagona boshqaruv tizimining yo‘qligi sabab avtomobillar uchun atigi 4 mingga yaqin joy mavjud edi.
Yangilanishlar natijasida 1 272 ta savdo do‘koni, 343 ta konteyner va 7 ta angar zamonaviy ko‘rinishga keltirildi, 762 ta savdo rastasi tashkil etildi. Natijada savdo nuqtalari soni 2 689 taga yetdi.
Bozor hududida 58 ming kvadrat metr maydonga asfalt yotqizildi, avtoturargoh sig‘imi esa 32 foizga oshib, 5 326 ta avtomobilni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, 700 metrlik qo‘shimcha yo‘l qurilishi orqali “Yangi Sergeli” ko‘chasidagi tirbandlik muammosi bartaraf etildi.

Bozor to‘liq raqamlashtirilib, zamonaviy vaziyatlar markazi ishga tushirildi. Buning uchun 70 kilometrdan ortiq optik va tarmoq kabellari tortilib, 1000 ga yaqin aqlli videokamera, 40 dan ortiq axborot-kommunikatsiya qurilmasi va ikkita server yagona tizimga ulandi.
Bundan tashqari, mingdan ortiq savdo nuqtasiga yong‘in haqida avtomatik ogohlantirish tizimi o‘rnatildi, 60 ga yaqin SOS va xavotir tugmalari integratsiya qilindi.
Yangi ishlab chiqilgan “Avtobozor” dasturi orqali kiruvchi va chiquvchi transport vositalari, bo‘sh va band avtoturargohlar hamda noto‘g‘ri to‘xtatilgan avtomobillar real vaqt rejimida nazorat qilinmoqda. Bozorga kirish darvozalari aqlli shlagbaumlar, kameralar va naqd hamda elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi parkomatlar bilan jihozlandi.

Natijada avtomobillarning bozorga kirish vaqti avvalgi 2-3 daqiqadan 20 soniyagacha qisqarib, darvozalarning o‘tkazuvchanlik quvvati olti barobar oshdi. Qayd etilishicha, xorijda 30-50 ming dollar turadigan parkomat qurilmalari mahalliylashtirilib, 8-10 ming dollarga ishlab chiqarilmoqda.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi choralar doirasida norasmiy ishlagan 116 nafar fuqaro rasmiy bandlik bilan ta’minlandi, ulardan 35 nafari tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Amalga oshirilgan islohotlar natijasida bozor daromadi o‘tgan yilning mos davridagi 28 milliard so‘mdan 31,3 milliard so‘mga yetdi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 100 milliard so‘mga chiqishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlarning savdo aylanmasi 249,2 milliard so‘mdan 290,6 milliard so‘mga oshgan. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 726 milliard so‘mga yetishi va byudjetga qo‘shimcha 43 milliard so‘m soliq tushumi ta’minlanishi kutilmoqda.

Xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida Vaziyatlar markazi Ichki ishlar vazirligining “Qalqon” tizimiga ulandi, bozor direktorining xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Shuningdek, bozorda noqonuniy faoliyat yuritgan 100 dan ortiq shaxsning ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, ular bilan profilaktik ishlar olib borildi.
Natijada iyun oyi davomida Sergeli avtobozori hududida birorta ham jinoyat yoki huquqbuzarlik qayd etilmagan. Toshkent shahar hokimligi mazkur loyiha tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va aholiga zamonaviy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha namunaviy tajriba bo‘layotganini ta’kidladi.
Ishtirokchilarga bozorda amalga oshirilgan keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari, "Vaziyatlar markazi", "Avtobozor" raqamli platformasi, aqlli kameralar, shlagbaumlar, parking-box tizimi hamda xavfsizlikni ta’minlovchi zamonaviy yechimlar namoyish etildi.
Shuningdek, jurnalist va blogerlar bozorni boshqarishda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar qanday qo‘llanayotgani, xizmat sifatini oshirish va tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklardagi ahamiyati bilan tanishdi.

Press-turning keyingi manzili "O‘zgarish" va "Habibiy" mahallalari bo‘ldi.
Bu yerda o‘zgarishlar faqat qurilgan ob’ektlarda emas, odamlarning fikrida ham yaqqol seziladi.
Obod qilingan kanal bo‘yi, unda bemalol suzib yurgan jonivorlar va ular uchun yaratilgan mitti maskan barchaning e’tiborini tortdi.

"O‘zgarish" mahallasida ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi sobiq omborxonalar maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarga aylantirilgani ham alohida qiziqish va yuqori bahoga sazovor bo‘ldi.
45 ta ko‘p qavatli uy va 6 700 nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan mahallada yaratilgan qulayliklar bugun odamlar hayotida o‘z aksini topmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA