Jurnalistlar institut faoliyati bilan tanishdi
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimidagi yirik ilmiy tajriba maskani hisoblangan Qibray tumanidagi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jalik ekinlarining yirik dunyoviy kolleksiyalari saqlanayotgan yagona maskan hisoblanadi.
Mazkur manzilda jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi. Dastlab OAV vakillariga institut faoliyati, Gen-bank va laboratoriyalar faoliyati bilan tanishtirildi. Bu yerda ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish, introduksiya etish va kolleksiyalarga jalb etilgan o‘simlik materiallarini karantin ko‘rigidan o‘tkazish orqali o‘simliklarning Milliy genofondi yangi namunalar bilan boyitiladi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ekinlarini laboratoriya sharoitida o‘rganish orqali ularning evolyutsiyasi, filogeniyasi, sistematikasi, immuniteti nazariy muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan fundamental va amaliy izlanishlar amalga oshiriladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aslida har bir ekinning madaniy va yovvoyi holda o‘suvchi turlari, kenja turlari, shakllari, tizmalari, duragaylari va navlari genofondni tashkil etadi.
Institutning Milliy Gen-bankida 43 mingdan ziyod ekin navlari saqlanadi. E’tiborli jihati ushbu navlar orasida 100 yilliklari ham bor. O‘simliklar kolleksiyalari Markaziy Osiyo hududida yirik hisoblanib, u botanik, genetik, geografik va ekologik xilma-xillikka ega bo‘lgan namunalarni o‘z ichiga oladi. Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlari genetik resurslari va undan samarali foydalanish global iqlim o‘zgarishi va aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Keyingi yillarda esa havo haroratining ko‘tarilishi, garmsel shamollari ta’siri, suvning tanqisligi, sho‘rlangan yerlarning kengayishi, kasallik va zararkunandalarning tez va katta maydonlarda tarqalishi o‘simliklarning unumdorligini keskin pasaytirmoqda. Bu hol seleksionerlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
[gallery-12519]
Press-turda institut olimlari bu borada jurnalistlar bilan fikr almashdi. Har yili respublika hududlari bo‘ylab ekspeditsiyalar tashkil etilib, institutning qishloq xo‘jalik ekinlari genofondi turli xil ekinlarning yovvoyi turlari, davr talabiga mos, istiqbolli yangi nav, tizim va populyatsiyalariga mansub 50-60 namunalar bilan boyitib borilmoqda. Hozirgi kunda respublika hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reyestriga 33 xil ekinlarning 85 navi kiritilgan.
Shundan donli ekinlar – 5 ta, dukkakli-don ekinlar – 12 ta, moyli ekinlar – 9 ta, sabzavot ekinlar – 21 ta, poliz ekinlar – 17 ta, meva-rezavor ekinlar va uzum – 20 ta, noan’anaviy ekinlar – 2 tani tashkil etadi. Hozirda 4 patent va 7 xil ekin turining 12 navi qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishiga rayonlashtirildi. Dunyoning yirik o‘simliklar genofondini saqlovchi tashkilotlari bilan hamkorlik qilinmoqda.
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Milliy markaz va institutlar bilan hamkorlikda ishlab kelayotgan jurnalistlar munosib taqdirlandi.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA.