Jurnalistlar bog‘chalar faoliyati bilan tanishdi
Guliston tumanida maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarini zamonaviylashtirish, ularning infratuzilmasini tubdan yangilash hamda ta’lim sifatini tubdan yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash maqsadida tumandagi bir qator ta’lim muassasalariga ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Ishtirokchilar ta’mirlash, rekonstruksiya va qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi. Tanishuv "Oltin vodiy" mahallasida joylashgan 4-sonli maktabgacha ta’lim muassasasidan boshlandi. 1990 yilda qurilgan ushbu bino ta’mirtalab holatda edi. Hozirda u to‘liq rekonstruksiya qilinmoqda. Loyiha doirasida davlat byudjetidan 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan. 30 nafarga yaqin ishchi qurilish ishlariga jalb etilgan. Endi ular tomonidan ob’ektda demontaj, fasad qismlarini yangilash va tashqi qoplamalarni almashtirish ishlari olib borilmoqda. Yangi loyihaga ko‘ra, muassasa sig‘imi 140 o‘rindan 180 o‘ringacha kengaytiriladi.
[gallery-24195]
Press-tur ishtirokchilari Sharq haqiqati mahallasida joylashgan 26-sonli umumta’lim maktabida ham bo‘lishdi. Bu yerda “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Maktabdagi ta’mirlangan sinfxonalar, sport zali o‘quvchilar ixtiyorida.
Mustaqillik mahallasidagi 23-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu yerdagi pedagoglar jamoasining fidokorona mehnati OAV vakillari tomonidan alohida e’tirof etildi. “Guliston hayoti” gazetasi muharriri tomonidan bolalarga ertak kitoblari sovg‘a qilindi.
Press-tur yakunida jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari