Jurnalistika sohasidagi yutuq va muammolar
Andijonda «Jamiyat va ommaviy axborot vositalari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, uyushmaning viloyat bo‘limi, shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida Z. M. Bobur nomli Andijon viloyati Axborot kutubxona markazida tashkil etilgan seminarda viloyatdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, respublika nashrlarining viloyatdagi muxbirlari ishtirok etdi.
Seminarda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisining o‘rinbosari X. Salimov, uyushmaning viloyat bo‘limi raisi N. Saidov seminarning maqsadi, bugungi kun jurnalistlari oldida turgan muhim vazifalar, sohadagi yutuq va muammolar xususida atroflicha so‘z yuritdi.
Seminarda “Yangi Andijon – yangi orzular”, “2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligni mustahkamlash yili” da belgilangan ishlarning yoritilishi”, “Do‘stlik – uzilmas rishta”, “OAV sohasi uchun yosh kadrlarni tayyorlash. Mazkur yo‘nalishdagi yutuq va muammolar” “Prezident saylovini yoritishda OAV ishtiroki va roli”, “Andijon – tadbirkorlar yurti” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, ommaviy axborot vositalarining jamiyat ijtimoiy hayotidagi roli va ishtirokini kuchaytirish borasida taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– bugungi kunda ommaviy axborot vositalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash masalasi eng dolzarb masalalardan biriga aylangan, – deydi “Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalari qoshidagi “Jurnalistik mahorat maktabi” rahbari Najmiddin Ergashev. – Oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan juda ko‘p yoshlar viloyat, tuman, shahar gazetalariga kelib ishlashni xohlashmaydi. Chunki joylarda ularning samarali ishlashi, o‘zlarining ijodiy imkoniyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar mavjud emas. Qolaversa, hozirda Andijonda deyarli barcha bosma nashrlar muntazam chop etilmayapti, tahririyatlar qator muammolar girdobiga tushib qolgan. Yuzaga kelgan bu holatga eng avvalo, gazetalar muassislari, shu sohaning mutasaddilari jiddiy yondashib, ommaviy axborot vositalari, xususan, bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Sohaga yosh kadrlarni tayyorlash masalasi ham e’tiborimizdan chetda qolmasligi kerak.
Shuningdek, seminarda joriy yilda mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan katta siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish, saylov jarayonlari bilan aholini muntazam xabardor qilib turish, mazkur jarayonda qonun ustuvorligi va shaffoflikni ta’minlash, targ‘ibot jarayonlarida Prezidentlikka nomzodlar uchun teng sharoitlar yaratib berish, fuqarolarning saylovlar haqidagi bilimlarini boyitish, saylovlarda faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan zarur axborotlar yetkazish, targ‘ibot ishlarini olib borishda ham OAVlari, jurnalistlar tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilishi, mazkur yo‘nalishda ish tashkil etishning samarali usullari yuzasidan tavsiya, taklif, fikr va mulohazalar bildiriladi.
Seminar ishtirokchilarning kasbiy bilim va mahoratini oshirishga, o‘zaro tajriba almashishga yordam berish bilan birga, sohadagi ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashish imkonini beradi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldi.
[gallery-3602]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV, O‘zA