Juma – milliy liboslar kuni
Buxoro viloyatida ham haftaning har juma kuni “Milliy liboslar kuni” sifatida keng nishonlanmoqda. Milliy liboslarni targ‘ib qilish va ularning qadriyatlarimizdagi o‘rnini yuksaltirish maqsadida “Milliy liboslar” festivali tashkil etildi.
Festivalda Buxoro davlat pedagogika institutining bir yarim mingga yaqin talabasi ishtirok etdi. Milliy liboslardagi yigit-qizlar “Yangi O‘zbekiston” hamda “Milliy liboslar” yozuvini o‘ziga xos tarzda gavdalantirdi. Shaharning sayyohlar gavjum maskanida milliy do‘ppilar, adras liboslar kiygan yoshlar katta ko‘lamli jonli yozuvlarni hosil qildi.
[gallery-22702]
– Institutimiz yoshlari har hafta bu kunni intiqlik bilan kutadi. Milliy libos – bu nafaqat an’anaviy kiyim, balki yurtimiz madaniyati va o‘zligimizning ajralmas qismi. Shu sabab Buxoroda an’anaga o‘zgacha yondashiladi. Bu gal Buxoro davlat pedagogika instituti talabalari “Milliy liboslar” festivali uchun qadimiy Ark qo‘rg‘onida jam bo‘ldi. Bu kun biz uchun boshqacha shukuhda o‘tadi. Yoshlarimiz faxrimiz, iftixorimiz bo‘lgan milliy kiyimlarda o‘zligini namoyon qiladi. Ko‘y-qo‘shiqlar va raqslarga ulangan festival qatnashchilari shaharning qadimiy qismi bo‘ylab marafon tashkil qildi. Milliy liboslardagi minglab yoshlar faxr bilan qadriyatlarimizni sayyohlarga namoyish etdi. Yo‘lda ularga hamrohlik qilgan sayyohlarga boy ma’naviy merosimiz, qadriyatlarimiz haqida so‘zlab berildi, – deydi tyutur Nodira Naimova.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (video, surat), O‘zA muxbirlari