JSST AstraZeneca vaksinasi bo‘yicha fikrini o‘zgartirdimi?
AstraZeneca vaksinasining qo‘llanishi bilan qon tomirlarida tromb paydo bo‘lish holatlari o‘rtasida bog‘liqlik borga o‘xshaydi, lekin hali tasdiqlanmadi, deyiladi Jahon sog‘likni saqlash tashkilotining (JSST) vaksina xavfsizligi bo‘yicha global maslahatlashuv qo‘mitasi bergan bayonotda.
«Hazirga kelib tushayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, vaksina bilan tromblar paydo bo‘lishi holatlari o‘rtasida bog‘liqlik borga o‘xshaydi, lekin hali tasdiqlanmagan. Ushbu tahdidning mavjudligini to‘liq tushunib yetish uchun ixtisoslashtirilgan tadqiqotlar zarur», – deyiladi bayonotda.
Xabarda ta’kidlanishicha, tromboz bilan bog‘liq voqealar xavotir uyg‘otishiga qaramay, bunday holatlar juda kam sodir bo‘lmoqda. «Dunyo bo‘yicha AstraZeneca vaksinasi bilan emlangan qariyb 200 million kishi orasida tromboz paydo bo‘lish holati juda oz»,
– deya ta’kidlanadi JSST tarqatgan bayonotda.
Shuningdek, ta’kidlanishicha, JSST COVID-19ga qarshi ishlatilayotgan barcha vaksinalarni kuzatib bormoqda va mamlakatlar bilan bu borada yaqin hamkorlik qilinmoqda.
Bundan avvalroq dori-darmonlarni muvofiqlashtirib borish bo‘yicha Yevropa agentligi ham AstraZeneca vaksinalari bilan tromb paydo bo‘lishi o‘rtasida bog‘liqlik ehtimoli mavjudligini ma’lum qilgan edi.