Bir guruh harbiy xizmatchilar munosib ragʻbatlantirildi
Mudofaa vazirligining Surxondaryo viloyatidagi harbiy qism va muassasalarida “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida Mustaqilligimizning 28 yilligiga bagʻishlangan turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.
“Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!”
Mudofaa vazirligining Surxondaryo viloyatidagi harbiy qism va muassasalarida “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida Mustaqilligimizning 28 yilligiga bagʻishlangan turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.
Termiz garnizonida tashkil etilgan tadbirda Janubiy okrug yoʻnalish boshqaruv guruhi boshligʻi, polkovnik Q.Tursunov soʻzga chiqib, yigʻilganlarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi. Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mamlakatimiz harbiy qudratini yanada mustahkamlab, obod va ozod Vatanimiz dovrugʻini dunyoga keng namoyon etishda muhim omil boʻlayotganini takidladi. Bu jarayonda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini har tomonlama ijtimoiy himoya qilishga, safdoshlariga namuna boʻlayotgan Vatan himoyachilari hamda nafaqadagi harbiylarni munosib ragʻbatlantirishga alohida etibor berilayotgani ahamiyatlidir.
Tadbirda mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib, ayni paytda qarilik gashtini surayotgan bir guruh nafaqadagi harbiylarga Oʻzbekiston mudofaa vazirining buyrugʻiga asosan “Mudofaa vazirligi faxriysi” koʻkrak nishoni tantanali topshirildi.
Jangovar va maʼnaviy-marifiy ishlarda faol ishtirok etayotgan hamda xizmat burchini chin dildan ado etib, safdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan bir guruh harbiy xizmatchilarga Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻmondonligining faxriy yorliqlari topshirildi.
– Havo hujumidan mudofaa yoʻnalishida 25 yil xizmat qildim, – deydi nafaqadagi harbiy A.Toʻychiyev. – Afgʻon urushida ham boʻlganman. Oʻn toʻqqiz yildan buyon nafaqadaman. Ayniqsa, keyingi uch yilda Qurolli Kuchlarimizga qaratilayotgan eʼtiborni koʻrib quvonamiz. Qarang, endilikda nafaqat oʻz burchini bajarayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari balki biz nafaqadagi harbiylarga ham alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. Bunday eʼtibor uchun davlatimizdan minnatdormiz.
Viloyatdagi harbiy qism va harbiy muassasalarda bayram tadbirlari koʻtarinki ruhda davom etmoqda.




