Jo Bayden og‘ir kasallikka qarshi kurashmoqda (+video)
AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden og‘ir kasallikka qarshi kurashmoqda, deb xabar tarqatdi Euronews
Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Bayden otasining kasalligi juda og‘ir kechayotganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, prostata bezi saratoni suyaklarga tarqalgan. Shunga qaramay, 83 yoshli Bayden hali ham faol va kasallikka qarshi kurashishda davom etmoqchi.
Unga o‘tgan yili prostata bezining agressiv shakldagi saratoni tashxisi qo‘yilgan edi. Hozir kasallik boshqa a’zolarga ta’sir o‘tkazmoqda. Bu haqda uning o‘g‘li Xanter BBCga bergan intervyusida ham aytgan.
«Hozir otamning sog‘lig‘i haqida ayta oladigan yagona narsam shuki, haqiqatan ham o‘zini juda yomon his qilyapti. Bu kasallik juda og‘riqli va ko‘p jihatdan holdan toydiradi. Ammo u hali ham faol va o‘z ishlari bilan shug‘ullanyapti», — degan Xanter Bayden.
Jo Baydenning kasalligi haqida rasman o‘tgan yil may oyida ma’lum qilingan edi. O‘sha paytda u terisidagi saraton o‘choqlarini olib tashlash uchun operatsiya qilingan va nur bilan davolash kursini ham yakunlagan.
Kasalligiga qaramay, Bayden jamoatchilik tadbirlarida ishtirok etishda davom etmoqda. Yaqinda u Merilend shtatida Demokratik partiya uchun mablag‘ yig‘ish tadbirida nutq so‘zladi.
Prostata bezi saratoni odatda sekin rivojlanadi va ko‘proq keksa erkaklarda uchraydi. Kasallik ba’zan yillar davomida hech qanday alomat bermasligi va shu sababli aniqlanmay qolishi mumkin. Kasallikning kechki bosqichlarida esa saraton ko‘pincha suyaklarga tarqaladi.
Jo Baydenning rafiqasi, AQSHning sobiq birinchi xonimi Jill Bayden ham bu haqda intervyu berib, turmush o‘rtog‘ining bir umr shu kasallik bilan kurashib kelganini aytgan. Tibbiyot mutaxassislarining aytishicha, saraton suyaklarga tarqalganidan keyin kasallikni butunlay davolash imkoni bo‘lmaydi.
Shuningdek, AQSHning sobiq prezidenti o‘z xotiralar kitobini nashr etishni rejalashtirmoqda. Kitob «Menga va’da ber, Amerika» deb nomlanadi.
<iframe width="640" height="350" src="https://www.youtube.com/embed/MXvalVTH48Y" title="Jo Bayden og‘ir kasallikka qarshi kurashmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA