Jizzaxliklar saylovda faol ishtirok etmoqda
Jizzax ahli Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlarida faollik bilan ishtirok etmoqda.
Jizzax viloyati hududiy saylov komissiyasi Matbuot markazida bo‘lib, viloyatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi jarayonlari bilan qiziqdik.
– Barcha 553 ta saylov uchastkamizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi jarayonlari juda qizg‘in bormoqda, – deydi Jizzax viloyati HSK saylov komissiyasi raisi Shavkat Sharipov. – Viloyatimiz bo‘yicha saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga 798 ming 756 nafar saylovchi kiritilgan bo‘lib, har bir saylovchi o‘zi munosib deb bilgan deputatlikka nomzodlarga o‘z ovozini bermoqda. Saylovda qatnashadigan 30 yoshgacha bo‘lganlar 241 ming 482 nafarni tashkil etadi.
Muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 16 – 23 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tdi va viloyatimiz hududidagi saylov uchastkalarida 6 ming 993 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanganini ham shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joiz.
Saylov kampaniyasida ishtirok etishiga ijozat berilgan beshta siyosiy partiya tomonidan Jizzax viloyat, tuman (shahar) Kengashlari deputatligiga ko‘rsatilgan jami 1600 nafar nomzod ro‘yxatga olingan.
Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida ayollar soni 82 nafarni yoki 41 foizni tashkil etdi.
Avvalgi saylovlarga qaraganda nomzodlar ham ancha yoshargan. Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputatligiga nomzodlarning o‘rtacha yoshi 46,1 yoshni, ulardan 31 foizi 40 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar, 57 foizi – 60 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar tashkil etadi. Nomzodlar orasida eng yoshi 28 yoshda ekanini ham qayd etish lozim. Deputatlikka nomzodlarning 96 foizi oliy ma’lumotli fuqarolarimizdir.
Ushbu deputatlikka nomzodlar orasida iqtisodchilar – 9 foizni, pedagoglar – 29,5 foizni, muhandislar – 10 foizni, shifokorlar – 9,5 foizni, jurnalistlar – 0,5 foizni hamda tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari 41,5 foizni tashkil etgan.
[gallery-20021]
Shu o‘rinda, mamlakatimizda yashayotgan aksariyat millat va elatlarning vakillari ham deputatlikka nomzodlar orasida borligi, O‘zbekiston ko‘p millatli yagona xalq ekaninining yorqin ifodasidir. Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputatligiga nomzodlarning 193 nafari o‘zbek, 2 nafari tojik, 1 nafari qozoq, 3 nafari koreys, 3 nafari boshqa millatlarni tashkil etadi.
Jizzax viloyatining barcha hududlarilagi saylov uchastkalarida saylovchilar faol ishtirok etib, o‘zlari munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz bermoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari