Jizzaxda tadbirkorlik rivojlanmoqda
Mamlakatimizda tadbirkorlik muhiti tobora erkinlashib, ishbilarmonlik tashabbuslari uchun keng yo‘l ochilmoqda. Bugun bu jarayon nafaqat raqamlarda, balki hayotning o‘zida — hududlar qiyofasidagi yangilanish, bozorlar to‘kinligi va yangi ish o‘rinlarining ko‘payishida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatiga respublika bo‘yicha 577 ming 200 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 ming 300 taga yoki 7,7 foizga oshgani iqtisodiyotda barqaror o‘sish sur’atlari shakllanayotganidan dalolat beradi. Bu raqamlar ortida minglab insonlarning mehnati, qat’iyati va ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchi mujassam.
Jizzax viloyatida 26 ming 741 ta korxona va tashkilot samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu esa kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning mustahkam tayanchiga aylanayotganini anglatadi. Zero, har bir yangi korxona bu yangi imkoniyat, yangi ish o‘rni va taraqqiyot sari tashlangan yana bir qat’iy qadamdir.
So‘nggi yillarda viloyatda sanoat zonalari barpo etilib, kichik sanoat korxonalari, agrobiznes loyihalari va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda logistika xizmatlari sohalaridagi loyihalar hudud iqtisodiyotiga yangi sur’at va mazmun bag‘ishlamoqda. Bu esa xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirish orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati bu yutuqlarning mustahkam poydevoridir. Xususan, Prezidentimizning 2025-yil 19-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022-yil 28-yanvardagi “2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlari tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va ishbilarmonlik muhitini yanada erkinlashtirishga xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatlarda belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaldagi ijrosi joylarda, jumladan, Jizzax viloyatida aniq natijalarga aylanayotgani e’tiborlidir.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, soliq va kredit imtiyozlari, infratuzilmaning izchil yaxshilanishi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining kengayishi hamda investitsiya loyihalarining ko‘payishi tadbirkorlik sub’ektlari sonining yanada ortishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu jarayon aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va farovonlikni yuksaltirishda muhim omilga aylanmoqda.
Muxtasar aytganda, Jizzax viloyatida iqtisodiy faollikning ortishi bu shunchaki statistik o‘sish emas, balki izchil islohotlarning hayotiy samarasidir. Bu imkoniyatni qadrlagan, mehnatni e’zozlagan va kelajak sari ishonch bilan intilayotgan hududning ravshan manzarasidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri