Jizzaxda saylovchilar muddatidan oldin ovoz berishmoqda
Jizzax viloyatida ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari amaldagi qonunlarga asosan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan har bir saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan.
Viloyatdagi 553 ta saylov uchastkasiga saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdoridagi saylov byulletenlari muddatidan oldin ovoz beruvchilar uchun yetkazib berilgan.

Shuningdek, viloyatdagi barcha saylov uchastkalarida ovoz berish uchun yetarli xonalar jihozlangan, saylov byulletenlarini berish uchun joylar ajratilgan,saylov qutilari o‘rnatilib, saylov kuni o‘z hududida bo‘la olmaydigan saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berish imkoniyati to‘laligicha yaratilganini ta’kidlab o‘tish lozim.
Bir qator jizzaxlik saylovchilar joriy yilning 27 oktyabr sanasida yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘laolmasligining sabablarini ko‘rsatgan arizasi asosida o‘zlari ro‘yxatdan o‘tgan uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilib, o‘zlarining fuqarolik huquqlaridan unumli foydalanmoqda.

– Mamlakatimizda o‘tishi belgilangan saylov kuni qat’iy tartibli mehnat faoliyatim taqozasi bilan saylov kuni o‘z yashash joyimda bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmasligim sababli, o‘z arizamga ko‘ra muddatidan oldin ovoz berish huquqimdan foydalandim, – deydi Forish tumanidgi 419-saylov uchastkasi ro‘yxatida turuvchi Jasur Bozorov. – Uchastka saylov komissiyasi a’zolari joriy yilgi o‘tayotgan saylovlarning avvalgilaridan farqini menga to‘laligicha tushintirib berishdi va men saylovoldi dasturi menga ma’qul bo‘lgan yurtimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyaga hamda o‘zim munosib deb bilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarga o‘z ovozimni berdim.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, 19 oktyabr ertalab soat 9:00 ga qadar 2347 nafar jizzaxlik saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi.
Butun mamlakatimizdagi kabi Jizzax viloyatida ham joriy yilning 16 oktyabrida boshlangan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 23 oktyabr kuni soat 18:00 gacha davom etadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari