Jizzaxda “DAF”ning texnik nosozligi YTHga sabab bo‘ldi
Jizzax viloyati hududida sodir etilgan yo‘l transport hodisa oqibatida 3 ta yuk mashnasi va avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi shikastlandi va 1 kishi tan jarohati oldi.
Joriy yilning 21 iyun kuni soat 17:30 larda M-39 Olmaota-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining G‘allaorol tumani hududidan o‘tgan 1013-kilometrida 3 ta yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Ushbu YTH 1979 yilda tug‘ilgan haydovchi H.B. boshqaruvidagi “DAF” rusumli yuk mashinasi yo‘lning dovon qismidan tushishda tormoz tizimidagi nosozlik sabab avval yo‘l chetida turgan, somon ortilgan “GAZ-53” rusumli yuk avtomashinasiga, so‘ngra oldinda harakatlanib ketayotgan “Isuzu” rusumidagi yuk mashinasiga urilgan. Oqibatda, “DAF” yuk mashinasi AYOQSHlardan biriga borib urilgan va uning uskunalarini yaroqsiz holga keltirgan.

“GAZ-53” mashinasi ag‘darilib ketgan. “Isuzu” esa yo‘l chetidagi daraxtga borib urilgan va kabina yaroqsiz holatga kelib qolgan. Natijada uning haydovchisi tan jarohati olgan va tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Mazkur YTH yuzasidan G‘allaorol tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA