Jizzaxda Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanmoqda
Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida, umumiy ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasallarida hamda ziyo maskanlari bo‘lgan kutubxonalarda atoqli adib va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu qadrli sana mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy hayotida muhim o‘rin tutadi va uning doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar milliy ma’rifat va ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 27 dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida viloyatda ma’naviy-ma’rifiy va badiiy tadbirlar tizimli ravishda tashkil etilmoqda.
Jumladan, Arnasoy tuman axborot-kutubxona markazida “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilgan ma’naviy uchrashuvda jadidchilik va milliy ma’rifatparvarlik harakatining asoschilaridan biri – dramaturg, noshir, pedagog va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va ijodi haqida keng ma’lumot berildi.

Ishtirokchilar davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida fikr almashdilar, milliy o‘zlikni anglash va ona tilini ulug‘lash yo‘lida Behbudiyning hissasiga alohida e’tibor qaratildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri