Jizzaxda bayramga munosib hozirlik ko‘rilmoqda
Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini yuksak saviyada nishonlashga tayyorgarlik ishlari yangi bosqichga kirdi. Viloyat hokimi rahbarligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda bayram tadbirlarini xalqchil va mazmunli tashkil etish, hududlarda obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, aholi uchun yanada qulay va obod muhit yaratishga qaratilgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Muhokama tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, shuningdek, hududiy tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etishib, belgilangan vazifalar ijrosini tizimli ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Ta’kidlanganidek, joriy yil mamlakatimiz hayotida tarixiy ahamiyatga ega sana — davlat mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlari, har bir mahallasida bayram tadbirlarini yuksak tashkiliy saviyada o‘tkazish, aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashish, yurt taraqqiyoti va Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini keng targ‘ib qilish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Bu borada Prezidentimizning 2026-yil 1-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur qaror bilan bayram tadbirlarini “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” ezgu g‘oyasi asosida tashkil etish, ularni barcha mahallalarda xalqchil ruhda o‘tkazish, keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini foydalanishga topshirish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini keng tashkil etish vazifalari belgilab berilgan. Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar mazkur qaror ijrosini hududlarda ta’minlashning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda mas’ullarga viloyatning 305 ta mahallasida mustaqillik bayrami munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari, xalq sayillari, sport musobaqalari hamda yoshlar ishtirokida turli ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Bu tadbirlar orqali aholining, ayniqsa, yosh avlodning Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va istiqlol qadriyatlariga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.

Bayram arafasida aholi farovonligiga xizmat qiladigan yangi ijtimoiy ob’ektlar va infratuzilma inshootlarini o‘z vaqtida foydalanishga topshirish masalasi ham ustuvor vazifalar qatorida qayd etildi. Jumladan, 21 ta yangi mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, shuningdek, “Mustaqillikning 35 yilligi” mahallasi binosini tantanali ravishda ishga tushirish rejalashtirilgani ta’kidlandi. Bu kabi loyihalar mahallalarda davlat xizmatlari sifatini oshirish, aholi uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda shahar va qishloqlar qiyofasini yanada obod qilish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilash, markaziy ko‘chalar, xiyobonlar, bog‘lar va aholi gavjum maskanlarini bayramona bezatish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha ham qat’iy vazifalar belgilab berildi. Obod va ozoda muhitni shakllantirish mustaqillik bayramining mazmun-mohiyatiga hamohang ekani alohida qayd etildi.

Ayniqsa, avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l infratuzilmasi hamda uning atrofini tartibga keltirishga jiddiy e’tibor qaratildi. Temir yo‘llar bo‘ylab joylashgan hududlarni obodonlashtirish, vokzallar va bekatlarda tozalikni ta’minlash, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, muhandislik infratuzilmasini tartibga keltirish orqali viloyat hududi orqali harakatlanuvchi yo‘lovchilarda Jizzax haqida zamonaviy, obod va fayzli hudud sifatida ijobiy taassurot shakllantirish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, ko‘cha va yo‘llar yoqasidagi tashqi reklama vositalari, binolar fasadlari, tashqi yoritish tizimlari, yo‘l belgilari hamda muhandislik kommunikatsiyalarini tartibga keltirish, manzarali gulzorlar va yashil hududlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha amaliy ishlar yanada faollashtirilishi ta’kidlandi. Bu chora-tadbirlar hududlarning me’moriy qiyofasini yaxshilash bilan birga, aholi uchun yanada qulay va ekologik barqaror yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish, har bir hududda mustaqillik bayramini yuksak saviyada tashkil etish, obodonlashtirish ishlarini o‘z vaqtida yakunlash hamda mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib tarzda nishonlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri