Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyatida yoshlar salomatligini asrash, mahallalarda huquqiy savodxonlikni oshirish, raqamli xizmatlarni rivojlantirish va maktabgacha ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Jizzax davlat pedagogika universitetida talabalar salomatligini muhofaza qilish, ularning huquqiy ongi va hayotiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Universitetning Aniq fanlar pedagogika oliy maktabida O‘zbekiston shifokorlar assotsiatsiyasi Jizzax viloyat bo‘limi raisi, sanitariya targ‘iboti shifokori Munavvar Sodiqov ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, OIV infeksiyasining yuqish yo‘llari, uning oldini olish va infeksiyadan keyingi profilaktika choralari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ijtimoiy fanlar pedagogika oliy maktabida esa yoshlarni diniy ekstremizm, jinoyatchilik, giyohvandlik, spirtli ichimliklar iste’moli va tamaki chekish kabi illatlardan asrash masalalari muhokama qilindi. Tadbirlar davomida oilaviy hayotga tayyorgarlik, sog‘lom turmush tarziga amal qilish va zararli odatlarning inson hayotiga salbiy ta’siri tushuntirildi.
***
Qonunchilik talablarini joylarda to‘g‘ri qo‘llash, aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda mahalla xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda Paxtakor tuman adliya bo‘limi tomonidan “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” xodimlari uchun amaliy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-son farmoni ijrosi doirasida qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ularni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash tartibi sodda, tushunarli tilda bayon etildi.

Shuningdek, mahallada qonun normalarini bir xilda qo‘llashga ko‘maklashish maqsadida xodimlarga uslubiy qo‘llanmalar topshirildi. Bunday amaliy yordam mahalla xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish va fuqarolarga sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatishga xizmat qiladi.

***
Jizzax viloyatida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari bozori izchil kengaymoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-avgust oylarida viloyatda ushbu xizmatlar hajmi 897,4 milliard so‘mni tashkil etdi.

Mamlakat bo‘yicha esa mazkur davrda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 71,4 trillion so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,2 foiz o‘sish demakdir. Hududlar ,bo‘yicha Jizzax viloyatida qayd etilgan ko‘rsatkich Navoiy viloyatidagi 732,5 milliard so‘mlik hajmdan yuqori bo‘ldi.

Raqamli xizmatlar ko‘lamining ortishi aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli infratuzilmani takomillashtirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarida yangi yechimlarni joriy etish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
***
Maktabgacha ta’lim qamrovi va bolalar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar ta’lim tizimining muhim ko‘rsatkichlaridan biridir. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatida Jizzax viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 114,6 ming nafar bola tarbiyalangan.

Mamlakat miqyosida esa ushbu sanada maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan bolalar soni 2 million 533,3 ming nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yil yakuniga nisbatan 183,3 ming nafarga yoki 7,8 foizga ko‘pdir.

Mazkur raqamlar maktabgacha ta’lim tizimining qamrovini kengaytirish, bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun munosib muhit yaratish va ta’lim tashkilotlari infratuzilmasini takomillashtirish ishlarining ahamiyatini ko‘rsatadi. Jizzax viloyatida ham bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun qulay sharoitlarni kengaytirish ushbu sohaning muhim vazifalaridan bo‘lib qolmoqda.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri