Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish va ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda “Mikrokreditbank” ATB Boshqaruv raisining o‘rinbosari Ikrom Jumaniyozov hamda Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov boshchiligida 10 nafar tadbirkordan iborat guruh Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumaniga safar uyushtirdi.

Tashrif davomida arnasoylik tadbirkorlar Bulung‘ur tumanida yo‘lga qo‘yilgan pilla yetishtirish faoliyati bilan yaqindan tanishib, sohada to‘plangan tajriba va amaliy yondashuvlarni o‘rgandilar. Muloqotlarda pilla yetishtirishni Arnasoy tumanida ham rivojlantirish, buning uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, tadbirkorlarga zarur ko‘mak ko‘rsatish hamda yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Ilg‘or tajribani mahalliy sharoitga moslashtirib joriy etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish imkoniyatlari xususida ham fikr almashildi.

***
Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi tizimida xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, xizmat binolarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va hududlarni obodonlashtirishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i qurilishi va rekonstruksiyasi davom etayotgan bir qator ob’ektlarda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar jarayoni bilan tanishdi. Xususan, Sharof Rashidov tumani Kuyovboshi mahallasida barpo etilayotgan mehmonxona qurilishi ko‘zdan kechirildi. Ob’ektdagi qurilish-montaj ishlarining borishi, binoning tayyorlik darajasi va navbatdagi vazifalar muhokama qilinib, mas’ullarga ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bu kabi bunyodkorlik ishlari ichki ishlar organlari xodimlarining samarali xizmat qilishi uchun qulay sharoit yaratish barobarida, tizim ob’ektlarining zamonaviy va munosib qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
***

Sharof Rashidov tumani Yangiobod mahallasidagi “Yashil park” hududi yana bir zamonaviy sport maskani bilan boyidi. “Payshanba – Yoshlar kuni” munosabati bilan bu yerda yangi mini-futbol, basketbol va vorkaut maydonchalarining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.

Yangi sport maydonchalari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga yanada keng jalb qilish va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi. Endilikda mahalla yoshlari bo‘sh vaqtlarini ochiq va zamonaviy sport maydonchalarida mazmunli o‘tkazib, turli sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishlari mumkin.

***
Paxtakor tumanida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish va yangi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xonadonbay o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Tuman hokimi Husan Abduvohidov, tuman prokurori va tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i birgalikda hududdagi Mingchinor mahallasida ishsiz, tadbirkorlikka qiziqishi bor yoshlar bilan uchrashib, ularning xonadonlarida bo‘ldilar. Muloqotlar davomida yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalari, rejalari, taklif va muammolari atroflicha o‘rganildi.

Uchrashuvlarda bildirilgan takliflar asosida yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish va bandligini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Bu esa har bir yoshning imkoniyati va intilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy yondashuvning muhim ko‘rinishidir.
***
Zafarobod tumanida yoshlarni sportga keng jalb etish, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va zamonaviy sport infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar izchil tus olmoqda.

Tumandagi sport maktabi hududida joylashgan “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘inida “Yoshlar” universal sport majmuasi barpo etilmoqda. Ayni paytda majmua hududida qurilish-montaj ishlari jadal olib borilib, ob’ektni zamonaviy talablar asosida jihozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyiha doirasida aholi, ayniqsa, yoshlarning turli sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgan. Majmua foydalanishga topshirilgach, sport bilan muntazam shug‘ullanish istagidagi yoshlar va aholi uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi. Shuningdek, bu yerda sport musobaqalari va ommaviy tadbirlarni tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish uchun munosib sharoit yaratiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri