Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyatida aholiga maishiy xizmatlar ko‘rsatish jarayonlariga raqamli yechimlar izchil joriy etilmoqda.
Xususan, Baxmal tumanining tog‘li hududlarida suyultirilgan gaz ballonlarini aholiga yetkazib berishda zamonaviy “Face ID” tizimidan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu texnologiya inson yuz qiyofasini avtomatik aniqlash orqali fuqaroning shaxsini tasdiqlaydi va hujjatlashtirish ishlarini tezkor hamda aniq amalga oshirish imkonini beradi. Natijada gaz tarqatish jarayonida shaffoflik ta’minlanib, inson omili bilan bog‘liq xatolarning oldi olinmoqda.

***
Jizzax shahrida aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan “Salomatlik marafoni” ommaviy tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Nukus shahridan start olgan marafon doirasida Jizzax shahridagi ko‘p tarmoqli markaziy shifoxona hamda 6 ta oilaviy poliklinikada aholi ommaviy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, surunkali kasalliklari mavjud bemorlar respublikaning yetakchi mutaxassislari ko‘rigidan o‘tkazish va yuqori texnologik tekshiruvlarga yo‘naltirish uchun saralab olinmoqda. Marafonga jalb etilgan aholi haqidagi ma’lumotlar DMED axborot tizimiga kiritilib, kunlik tahlil qilib borilmoqda.
“Salomatlik marafoni” tadbirlari fevral oyi oxiriga qadar davom etadi.
***
Yangiobod tumanida aholi salomatligini muhofaza qilish, xususan, ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan 35 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasida skrining tekshiruvlari tashkil etilmoqda hamda keng qamrovli tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, 2026 yilda ushbu yosh toifasiga mansub 1080 nafar ayol mavjud bo‘lib, ulardan har oyda o‘rtacha 90 nafari skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Joriy yil yanvar oyida 87 nafar ayol tekshiruvdan o‘tkazilib, kasallik holatlari aniqlanmadi.

Shuningdek, patronaj doyalar tomonidan aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari ham muntazam ravishda olib borilmoqda.
***
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 29 apreldagi 170-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligi, melioratsiya hamda yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanish sohasida davlat nazorati tizimini takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Xususan, Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Forish tumani bo‘limi xodimlari tomonidan bahorgi dala ishlariga jalb etiladigan qishloq xo‘jaligi texnikalari o‘rganilib, belgilangan tartibda nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda. Bu esa mavsumiy ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
***
Zarbdor tumanida yoshlar bilan ishlash faoliyati doirasida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.

Tuman yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i F. Sindarov tomonidan “Shodlik” mahallasida uyushmagan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda ularni qiziqtirayotgan ijtimoiy muammolarni hal etish masalalari muhokama qilindi.

Qabul davomida bildirilgan murojaatlar mas’ullar tomonidan atroflicha o‘rganilib, ularni qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
***
Do‘stlik tumanida 2026 yil hosili uchun g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Ayni kunlarda yerlarni oziqlantirish, sug‘orish ishlarini me’yor asosida tashkil etish, ekin maydonlarini agrotexnik talablar bo‘yicha nazorat qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu ishlar Agroinspeksiyaning Do‘stlik tuman bo‘limi tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, buning natijasida yuqori va sifatli hosil yetishtirish, dehqonchilik samaradorligini oshirishga zamin yaratiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA