Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax shahrida fidoiy va ko‘ngilli volontyor yoshlar ishtirokida “Obod yurt” shiori ostida plogging aksiyasi o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi — o‘quvchi va yoshlarda ijtimoiy javobgarlik hissini shakllantirish, mehr-oqibat va muhtojlarga yordam berish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish ko‘nikmasini tarbiyalashdan iborat bo‘ldi.
Aksiya davomida ishtirokchilar sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bilan birga, shahar hududlarini tozalashga ham o‘z hissasini qo‘shishdi. Ko‘plab chiqindilar yig‘ishtirilib, daraxtzorlar va sayilgohlar obod etildi.



***
Yoshlarni vatanparvarlik, milliy g‘urur va tarixiy xotiraga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish maqsadida Jizzaxda turli ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialining “Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi” tyutorlari Psixologiya fakulteti talabalari uchun Jizzax davlat pedagogika universiteti huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga sayohat uyushtirdi.
Talabalar muzeyda mustaqillik uchun jonini fido qilgan vatandoshlarimiz, adib va ma’rifatparvar ajdodlarimiz hayoti hamda ularning mardonavor kurashlari bilan yaqindan tanishishdi.


***
Paxtakor tumanida “Qadriyatlar qadr topgan oila” mavzusida targ‘ibot-tushuntirish ishlari keng miqyosda olib borilmoqda. Ushbu jarayonga otinoyilar, “Oqila ayollar” harakati va “Buvijonlar maktabi” a’zolari faol jalb etilgan.
Tadbirlarda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, milliy an’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash, yoshlarni sog‘lom ma’naviy muhitda tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.


***
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, shaxsiy tarkib o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va kitobga bo‘lgan mehrni mustahkamlash maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida ikki tomon hamkorligida ijodiy uchrashuvlar, adabiy kechalar, kitob taqdimotlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam o‘tkazish rejalashtirilgan.


***
Sharof Rashidov tumanida ta’lim muassasalari rahbariyati va mahalla yettiligi a’zolari uchun “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni ijrosiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.



Unda 48 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, shuningdek, 61 ta umumta’lim maktabi direktorlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va psixologlar ishtirok etishdi. Seminar yakunida ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda amaliyotchi psixologlar tomonidan amaliy darslar tashkil etildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri