Jizzax viloyati xabarlari — qisqa satrlarda
Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov tashabbusi bilan ingliz tili tanlovi tashkil etildi va ushbu tanlovda g‘olib bo‘lgan yoshlar, maktab rahbarlari va o‘qituvchilar uchun Dubay shahrida bir haftalik sayohat tashkil etildi.
Ushbu sayohat, yoshlarga zamonaviy shahar muhiti, yuqori texnologik inshootlar va transport tizimi bilan tanishish imkonini berdi. Buning ustiga, sayohatda qatnashgan yoshlar o‘zga millat vakillari bilan muloqot orqali ingliz tilini amaliyotda qo‘llashga ham erishishdi.

***
Joriy yilning 15 sentyabridan 15 oktyabriga qadar respublikamizda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kompaniyasi oyligi o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Sharof Rashidov tumanida davlat tasarrufidagi obektlarda, shuningdek, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internet uyi va 4-sonli DMTT binolarida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari ishchilar va mas’ullarga yong‘in, zilzila va is gazi kabi favqulodda vaziyatlardan saqlanish uchun tushuntirish ishlari olib borishdi.


***
Zomin tumani axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan Abu Ali Ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida “Kitob – qalb gavhari, ko‘ngil ziynati” nomli kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bu ko‘rgazma “Ochiq osmon ostidagi kutubxona” loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Ko‘rgazma davomida kitobxonlarga kutubxona faoliyati, uning adabiyotlari, ularni olish va foydalanish tartibi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, ko‘rgazmada namoyish etilgan kitoblarga bibliografik sharhlar berildi va kitobxonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

***
Paxtakor tumanida ko‘p qavatli uylarda olib borilayotgan ta’mirlash ishlari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda ta’mirlash jarayonlarining holati, bajarilgan va bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
Tadbirda ta’mirlash ishlarining sifati va muddatlariga alohida e’tibor qaratilib, aholi uchun qulay va xavfsiz yashash sharoitlarini yaratish muhimligi ta’kidlandi.

***
Jizzax shahar madaniyat bo‘limi tomonidan “O‘rda” ekologik madaniyat va istirohat bog‘ida “Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida 1-sonli madaniyat markazi ijodiy jamoasi aholiga madaniy xizmat ko‘rsatdi.
Ijodiy chiqishlar, kuy va qo‘shiqlar bilan aholi kayfiyatini ko‘tarishga harakat qilindi.
Albatta, ushbu loyiha shaharning madaniy hayotini yanada boyitishga va yoshlarning san’atga bo‘lgan muhabbati oshishiga xizmat qiladi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri