Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tumanining “Bo‘ston” va “Uzun” mahalla fuqarolar yig‘inlarida joylashgan 40 ta ikki qavatli uy-joyning fasad qismlari bazalt qoplamasi bilan zamonaviy tarzda ta’mirlanmoqda.
Shu bilan birga, muhandislik kommunikatsiyalari yangilanib, uylar atroflarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur ishlar aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, shuningdek, kuz-qish mavsumini muammosiz o‘tkazishga qaratilgan.
***
Jizzax shahrida “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqasining 2-bosqichi oldidan navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda sport maktablari, federatsiyalar va tegishli tashkilotlar ishtirokida musobaqa tashkilotchiligi, hakamlar tarkibi va ishtirokchilarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Jizzax viloyati sport boshqarmasi rahbari musobaqa har bir bosqichda yuqori saviyada tashkil etilishi shartligini ta’kidladi.
***
G‘allaorol tumanida “Obi Sangzor” MCHJ tomonidan “Istirohat bog‘i” qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida zamonaviy dam olish maskani, bolalar maydonchalari, sport hududlari va yashil maskanlar tashkil etiladi.
Bu esa aholining, xususan, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladi.
***
Do‘stlik, Zarbdor, Zafarobod va Zomin tumanlarida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning quyi bo‘g‘inlari xodimlari tomonidan maktab va bog‘chalarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Unda o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarga yong‘in, zilzila va is gazidan zaharlanish kabi holatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha tushunchalar berilmoqda.
***
Forish tumanidagi “Bog‘don” va “O‘zbekiston” MFYlarida ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Ushbu ishlar Vazirlar Mahkamasining 665-sonli qarori asosida tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.
Ta’mirlash ishlari orqali aholi uchun qulay infratuzilma yaratish ko‘zda tutilgan.
[gallery-24651]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri