Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Forish tumanidagi “Egizbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida xitoylik investorlar tomonidan quvvati 500 MVT bo‘lgan quyosh fotoelektr stansyasi bunyod etilmoqda.
Umumiy loyiha qiymati 450 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu stansiya ishga tushgach, 450 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

***
G‘alla o‘rim-yig‘imi boshlanishi oldidan Arnasoy tumanida qishloq xo‘jaligi tashkilotlari mutasaddilari bilan o‘tgan yig‘ilishda Jizzax viloyati IIB boshlig‘i va viloyat hokimi o‘rinbosari hamda Arnasoy tumani hokimi mavsumni qisqa muddatda, samarali va betalofat o‘tkazish zarurligi yuzasidan mutasaddilar zimmasiga aniq topshiriq va vazifalar yukladi.
Shuningdek, o‘rim kombaynlari va tashish texnikalarining mavsumga shayligi, don qabul qilish shoxobchalarida olib borilgan ishlar, yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan choralar bilan yaqindan tanishildi.


***
Zafarobod tumani “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 1-sonli umumta’lim maktabida zamonaviy kutubxona ochildi.
Shu maktabni 2000 yilda bitirgan sobiq o‘quvchilar tomonidan amalga oshirilgan bu ish o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida kitobga mehr uyg‘otish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Kutubxonaga 15 million so‘mlik 52 turdagi 448 dona kitoblar to‘plami hamda 35 million so‘mlik kutubxona jihozlari sovg‘a qilindi.
***
Zomin tumani “Xalqobod” mahalla fuqarolar yig‘inida uzum yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar uchun tashkil etilgan amaliy seminarda tajribali agronomlar toklarni to‘g‘ri parvarishlash, ularga mavsumiy agrotexnik ishlov berish, zararkunandalarga qarshi kurashish, to‘g‘ri sug‘orish va oziqlantirish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga hosildorlikni oshirish bo‘yicha ham atroflicha tavsiyalar berilib, amaliy ko‘rgazmalar o‘tkazildi.
Mazkur seminar uzum yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan aholi vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni ilmiy asosda agrotexnik tadbirlarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
***
Do‘stlik tumanida zamonaviy yopiq sport majmuasi qurilishi jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda.
Mazkur majmua jahon andozalariga mos ravishda loyihalashtirilgan bo‘lib, u yoshlar va sport muxlisi bo‘lgan aholi uchun bir vaqtda bir necha sport turlari bilan shug‘ullanish imkonini yaratadi. Binoda mini-futbol, voleybol, basketbol, kurash, stol tennisi kabi sport turlari uchun alohida zallar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Qurilish ishlari belgilangan muddatda yakuniga yetkazilishi va majmuaning yaqin vaqtlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri