Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” munosabati bilan Jizzax viloyatida joriy yilning 10 yanvaridan 20 martiga qadar kanal va zovurlarni tozalash yuzasidan “Zarbdor 70 kunlik” e’lon qilindi.
Ana shu muddat ichida viloyatdagi mutasaddilar zimmasiga hududlardagi 529 kilometr uzunlikdagi kollektorlarni tozalash vazifasi yuklatildi. Bu ishlarni bajarish uchun 54 dona maxsus ekskvator jalb etish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha ish joyiga 30 ga yaqin qudratli texnika vositalari chiqarilib, ular yordamida qisqa vaqt ichida 60 kilometrga yaqin zovurlardagi ishlar yakuniga yetkazildi.
Viloyatning Mirzacho‘l tumanida 7 ta, Do‘stlikda 6 ta va Paxtakor tumanida 5 ta ekskvator ishga solingan bo‘lib, kollektorlarni tozalash ishlari jadal bormoqda.
***
Zomin tumanidagi “G‘afur G‘ulom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi umumta’lim maktablari yuqori sinf o‘quvchi qizlari va ularning ota-onalari ishtirokida erta turmush va erta tug‘ruqning oldini olish, xotin-qizlarga yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar, kasb-hunarga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida suhbat tashkil etildi.
Muhokama va munozaralarga boy tarzda o‘tgan davra suhbati avvalida ishtirokchilarga Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 oktyabrdagi “Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Shuningdek, tadbirda erta nikoh va erta tug‘ruqlarning zararli va salbiy oqibatlari, erta nikohning oldini olishning ahamiyati, buning uchun qanday choralar ko‘rish mumkinligi haqida so‘z yuritildi. Tadbirda maktabni bitiruvchi qizlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumot va yo‘nalishlar berildi.
E’tiborlisi, bu kabi tadbirlar tumandagi barcha mahallalardagi umumta’lim maktablarida belgilangan jadval asosida o‘tkazilmoqda.
***
Baxmal tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi va kommunal soha xodimlari tomonidan qish mavsumini betalofat o‘tkazish, yong‘inlar, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan bog‘liq chaqnash, fuqarolarning is gazidan zaharlanish holatlari oldini olish maqsadida olib borilayotgan profilaktik tadbirlarda mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, aholining bu boradagi bilim va tushunchalarini boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Soha xodimlari tomonidan o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, aholi yashash xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va AGTKSHlarda ishchi-xizmatchilar va fuqarolar bilan favqulodda vaziyatlarda yong‘inlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish, elektr va gaz qurilmalari hamda maishiy gaz ballonlaridan belgilangan tartibda foydalanishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Aholi xonadonlaridagi dudburonlar nazoratdan o‘tkazilib, nostandart va qo‘lbola isitish uskuna va moslamalari olib qo‘yildi.
***
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi ishchi guruhi ishtirokida G‘allaorol tumanida joylashgan “Sangzor tekstil” MCHJda korxona rahbari va vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bojxona qonunchiligidagi yangiliklar to‘g‘risida ma’lumotlar berilib, mavjud muammo va takliflar o‘rganildi.
Ushbu korxona 2024 yil davomida 3 million 500 ming AQSH dollarlik mahsulot ishlab chiqarib, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Xitoy davlatlariga eksportni amalga oshirgan. “Sangzor tekstil” MCHJning asosiy faoliyati paxtadan ip- kalava ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lib, hozirgi kunda 500 ga yaqin aholining bandligi ta’minlangan.
Shuningdek, uchrashuvda tadbirkorlik sub’ektlari uchun bojxonada yaratilayotgan qulayliklar, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimining afzalliklari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.
***
“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” munosabati bilan yoshlarni tabiatga mehrli va ekologik madaniyatli, yetuk shaxs etib tarbiyalash maqsadida viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tashabbusi bilan “Tabiatga mehr” shiori ostida “Ekologiya bilimdonlari” viloyat ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda.
Tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida joriy yilning 7 yanvarida Jizzax viloyati hokimining farmoyishi qabul qilinib, tanlov Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Yoshlar ishlari, Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmalari tizimidagi o‘quvchi, talaba va mahallalar yoshlari o‘rtasida joriy yilning 15 yanvaridan 15 fevraliga qadar o‘tkazilishi belgilangan.
[gallery-21427]
Ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi o‘tkazilishi joriy yilning 15 fevraliga rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kunlarda shahar va tumanlardagi umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktablar va kasbiy ta’lim muassasalarida tanlovning quyi bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
A.Qayumov, O‘zA