Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ul xodimlari tez tibbiy yordam, gaz va elektr ta’minoti korxonalari xodimlari bilan birgalikda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida Sharof Rashidov tumani hududida tungi maxsus taktik o‘quv mashqi o‘tkazdi.
Bunda hamkorlikdagi kuch tuzilmalarining tungi vaqtda harakat qilishi, o‘zaro hamkorlik va sodir bo‘lgan gaz va elektr ta’minotidagi avariyalarni bartaraf etishi bo‘yicha harakatlari sinovda o‘tkazildi.
***
Forish tumani hokimligida tadbirkorlar faoliyatini yanada takomillashtirish vazifalari bo‘yicha tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Jamshid Hasanov, Jizzax viloyat hokimining moliya- iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Abdivali Mustanov, Biznes-ombudsmanning viloyatdagi vakili Sardor Usmonov va boshqalar qatnashgan uchrashuvda sohadagi mavjud muammolar ko‘rib chiqildi va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirildi. Mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.
***
Jizzax garnizonidagi “N” harbiy qismi xizmatchilari davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligiga bag‘ishlab, tuman umumta’lim maktablari o‘quvchi- yoshlari o‘rtasida “Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni kubogi” uchun “Yurt posbonlari” harbiy-sport musobaqasini uyushtirdi.
Musobaqada o‘quvchi- yoshlar mohir mergan, harbiylashtirilgan estafeta, jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, sahnalashtirilgan badiiy chiqish va “Jadidlar bilimdoni” shartlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
Qizg‘in bahs-munozaraga boy tarzda o‘tkazilgan musobaqada munosib ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar taqdirlandi.
***
Zomin tumanida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni” hamda O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” loyihasi bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, Zomin tumani “Sharof Rashidov” MFY hududida “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” 16 kun aksiyasi doirasida Zomin tumani IIB katta inspektori, leytenant Umida Hoshimova tomonidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirda tazyiq va zo‘ravonlik tushunchasi, turlari tushuntirilib, zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan videoroliklar namoyish qilindi va tarqatma materiallar tarqatildi.
***
“Yashil makon” umummiliy loyihasi doirasida Sharof Rashidov tumanining “Kuyovboshi” MFYda ichki ishlar organlari xodimlari uchun barpo etilgan turarjoy majmuasi hududidagi bog‘da hashar uyushtirildi. Mazkur jarayonda 260 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Natijada hududda parvarishlanayotgan daraxtlar soni 530 tupga yetdi.
Hashar davomida daraxtlarga shakl berish, ariq ochish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ekish jarayoni bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov tanishdi.
[gallery-20748]
Ma’lumot o‘rnida: soha vakillari joriy kuzgi ko‘chat ekish mavsumida 5 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishni mo‘ljallagan edi. Mazkur reja 8 ming tup qilib bajarildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri