Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Baxmal tumanida “Ayollar daftari” 1-toifa ro‘yxatiga kiritilgan va mahalladagi vaqtincha ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida ularni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.


Tumanda yashovchi xotin-qizlarning dastlabki 30 nafari “Ayollarni tadbirkorlikka o‘qitish” markazida qisqa muddatli kurslarni muvaffaqiyatli yakunladi. Shu munosabat bilan bitiruvchilarga markaz tomonidan maxsus sertifikatlar topshirildi. E’tiborlisi, ayollarni kasb-hunarga o‘qitish ishlari mahallalar tizimida belgilangan jadval asosida davom ettirish rejalashtirilgan.
***
Paxtakor tuman oila va xotin-qizlar hamda FHDYO bo‘limi tomonidan “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash” o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Ushbu o‘quv-mashg‘ulotda oilaviy-huquqiy munosabatlar muhokama qilinib, reproduktiv salomatlik, oilaviy ajralishlarning oldini olish, ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirish mavzularida davra suhbati, uchrashuv va ma’ruzalar tashkil etilmoqda.
***
Zarbdor tumanida “Keksalar haftaligi” doirasida ruhiy qo‘llab-quvvatlash, fitobar va to‘g‘ri ovqatlanish mavzularida ko‘rgazmali amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, “Nuroniylar maskani”, “Katta yoshdagilar va og‘ir vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash sho‘’basi” xodimlari, psixologlar va tibbiyot birlashmasi shifokorlari ishtirokida tashkil etildi.



Seminarda 25 nafar tumandagi keksalar hamda yakka-yolg‘iz qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirok etib, ularga mavzu yuzasidan aniq tavsiya va amaliy maslahatlar berildi.
***


Zafarobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar bilan ishlash” mavzularida malaka oshirish o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
***
Zomin tuman hokimligi, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Zomin tuman bo‘limi rahbar va mas’ullari “Taraqqiyot”, “Oqtepa”, “Navbahor” va “Xalqobod” MFYlardagi “mahalla yettiligi” vakillari bilan uchrashib, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuv davomida mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash orqali ularga huquqiy yordam ko‘rsatish, ajrimlar va oilaviy zo‘ravonliklarni oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
***
Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali va manzarali ko‘chatlar yetishtirishga alohida e’tibor qaralmoqda.


Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishov tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tumandagi 2-sonli umumta’lim maktabi bog‘ida kengash o‘tkazdi. Bog‘dorchilik sohasi mutaxassislari ushbu loyiha doirasida tumandagi ushbu ta’lim muassasasi bog‘ida yetishtirilgan 50 ming tupga yaqin, iqlimga moslashtirilgan 12 turdagi yetishtirilgan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari holatini o‘rganib ularga yuqori baho berdi.
A.Qayumov, O‘zA.