Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Jizzax viloyatida “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun” shiori ostida aholi uchun bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmoqda.
Forish tumani tibbiyot birlashmasining ko‘p tarmoqli poliklinikasida Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va viloyatning yetakchi mutaxassislari tomonidan tuman aholisi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rikda aniqlangan birlamchi kasalliklar bo‘yicha sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish uchun shifokorlar tomonidan kerakli va zarur tavsiyalar berildi.


***
Baxmal tumanida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amaliy ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘.Mirzayev, Jizzax viloyatidan 300 nafarga yaqin mehnat faxriysi, nuroniy va oqsoqollar tashrif buyurib, 5 gektar maydonga 10 ming tup mevali va manzarali ko‘chat ekishga o‘z hissalarini qo‘shdi.
Shundan so‘ng, mehnat faxriylari, nuroniylar va oqsoqollar uchun Ramazon oyi munosabati bilan iftorlik dasturxoni yozildi. Iftorlikda keksalar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, dehqon va chorvadorlarga, xonadonlarimizga qut-baraka tilab, duolar qildi.


***
Arnasoy tumanidagi madaniyat markazida “Yoshlar ovozi – 2024” tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bunda 10-15, 16-22 va 23-30 yosh toifasidagi ishtirokchilar o‘z iqtidorlarini namoyon qildi. G‘oliblar diplom, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. O‘z yosh toifalarida 1-o‘rinni egallagan g‘oliblar tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.


***
“Bog‘ishamol” MFY yoshlari Zomin tuman axborot-kutubxona markaziga ekskursiya uyushtirdi. Kutubxona markazi abonoment va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish mutaxassislari tomonidan kutubxona haqida kitobxonlarga batafsil ma’lumotlar berildi.
Asosiy maqsad kitobxon yoshlar o‘zlari qiziqqan adabiyotlarni olib o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishi barobarida kitobxonlarning bilim saviyasi va insonlar bilan xushmuomala bo‘lishlarini ta’minlash, o‘quvchilarning tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini shakllantirishdir.

***
Yangiobod tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha mahallalar, aholi xonadonlari, yo‘l chetlari va belgilangan maydonlarda mevali va manzarali ko‘chatlarni ekish va yashil maydonlarni kengaytirish ishlari jadallik bilan davom etmoqda.
Xususan, tumanning “Do‘stlik” MFY hududidagi “Zomin asl ipak tolasi” xususiy korxonasiga qarashli yer maydonlarida xalqimizning ezgu qadriyatlaridan biri sanalgan hashar uyushtirilib, tut ko‘chatlari ekildi.


A.Qayumov, O‘zA muxbiri