Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tumani IIB JXX probatsiya guruhi nazorati ostida jazo o‘tayotgan yoshlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi.
Tuman hokimi o‘rinbosari, tuman prokurori va tuman IIB boshlig‘i ishtirokidagi qabul davomida mahkumlarni qiynayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga mas’ullar ishtirokida yechim izlandi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. Sayyor qabul yakunida tuman hududida mavjud bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari uchun mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi.


***
G‘allaorol tumanining “Olimlar”, “Baxt”, “Ko‘kgumbaz” hamda “Qangli” MFYlari aholisi ishtirokida “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”ning targ‘ibotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilariga yilning nomi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida ma’lumotlar berildi hamda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist” unvoni sohibasi Umsun Astanovaning hayoti va ish faoliyatiga bag‘ishlangan “Matonatli ayol qissasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Shuningdek, “Baxt”MFY yoshlari ishtirokida kitobxonlikni targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan “Kitob bilimlar xazinasi” mavzusida “Nuroniylar va yoshlar uchrashuvi” ham tashkil etildi. Tadbir davomida ota-onalar hamda yoshlar uchun tashkil etilgan badiiy adabiyotlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi.

***
Do‘stlik tumani mahalla fuqarolar yig‘inlarida Respublika Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, shuningdek, kengashning viloyat hamda tuman vakillari, MFY raislari ishtirokida aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanish borasida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda “Qahramon” MFYda yashovchi Barot Nuraliyev hamda Qobil Mavlonov xonadonida to‘qsonbosti usulida ekilgan ekinlar parvarishi ko‘zdan kechirildi. Davra suhbatida Respublika kengashi vakillari xonadonlarda tomorqadan unumli foydalanish borasidagi takliflarni aytdi.


***
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi tasarrufidagi “Zomin” va “Nurota” davlat qo‘riqxona xodimlari tomonidan qish mavsumida yovvoyi hayvonlarni oziqlantirish maqsadida biotexnik tadbirlarni olib borishmoqda. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan mazkur biotexnik tadbirlar qo‘riqxona ilmiy xodimlarining tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda.



***
Forish tuman hokimligida Jizzax viloyat prokuraturasi, viloyat savdo sanoat palatasi, tuman prokuraturasi, tuman savdo sanoat palatasi va boshqa mutasaddilar ishtirokida tumandagi tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi muammolar yuzasidan o‘tkazilgan ochiq muloqotda muammolarni bartaraf etishda mutasaddilarga tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, tadbirkorlar bilan uchrashuvda tadbirkorlik sohasini yanada rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan yangi qonun va qarorlar, soliq sohasida tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyoz va qulayliklar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.



A.Qayumov, O‘zA.