Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 martda imzolagan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida 2021-2023 yillarda ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini barpo etish ko‘zda tutilgan edi.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Yangi yil bayrami arafasida Jizzax shahri “Zargarlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Ma’naviyat va ma’rifat maskani”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Maskanda tadbirlar tashkil etish uchun konferensiyalar zali, badiiy adabiyotlar bilan boyitilgan zamonaviy kutubxona, yoshlar uchun turli to‘garaklar hamda xodimlar uchun shinam xonalar mavjud.


***
Arnasoy tumani kasb-hunar maktabi “Moddiy texnik bazasini rivojlantirish” loyihasi doirasida 2 mingdan ortiq ovoz to‘plab, “Tashabbusli byudjet” tanlovida 5-o‘rinni egallagani uchun 600 million so‘mlik mablag‘ ajratilgan edi.
Ushbu mablag‘lar hisobiga tuman kasb-hunar maktabining moddiy texnik bazasini yaxshilash maqsadida kompyuterlar, interaktiv doska, video kamera, tikuv mashinalari, sport inventarlari, yo‘l harakati belgilari va chilangarlik uskunalari olib kelingani bu maskanda hunar o‘rganuvchi yoshlar uchun munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi. Hozirda barcha o‘quv va maishiy texnikalar foydalanishga topshirildi.


***
Prezidentimizning 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini bajarish bo‘yicha joylarda amaliy ishlar bajarilmoqda.
Ana shunday ishlardan biri Zomin tumanida amalga oshirildi. Tumanda istiqomat qiluvchi ota-onasidan mahrum bo‘lgan voyaga yetgan yigitga Yangi yil bayrami sovg‘asi sifatida barcha sharoitlarga ega zamonaviy uy-joy tantanali ravishda topshirildi.


***
Viloyat soliq boshqarmasi mutaxassislarining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 11 oyi uchun belgilangan 1 trillion 837 milliard 503 million so‘m prognoz rejasi 2 trillion 127 milliard 147 million so‘mga oshirib bajarildi.
Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 557 milliard 585 million so‘mga ko‘paygan yoki 135 foizga o‘sgan. To‘lovlarning byudjetga undirilishida, joriy yilning 11 oyi uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichi 444 milliard 248 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, haqiqatda 637 milliard 423 million so‘mga yoki 143 foizga bajarilgan.

***
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 apreldagi “Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Do‘stlik tumanida jami 25 ta ijtimoiy soha ob’ektlari Davlat xususiy sherikchilik asosida tadbirkorga o‘tkazilgan.
Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 19 ta ta’lim muassasalarida jami 104 ta ta’mirtalab bo‘lgan isitish qozonlari o‘rniga yangi 34 dona zamonaviy isitish qozoni o‘rnatildi. Tumandagi 8-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida davlat xususiy sherikchilik asosida tadbirkorga o‘tkazilgan ijtimoiy sohalar ishtirokida o‘tkazilgan amaliy seminarda tuman hokimi Shavkat Darveshov, hududdagi ijtimoiy soha rahbarlari va mutasaddi xodimlar ishtirok etdi.
Seminar doirasida tashkilotlarning ko‘mir yoqilg‘isidan samarali foydalanishi, zamonaviy isitish qozonlarining xavfsizlik qoidalari yuzasidan mutaxassislar tomonidan amaliy tarzda tushuntirish ishlari olib borildi.

A.Qayumov, O‘zA.