Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘quvchilarning kuzgi ta’til kunlarini mazmunli va maroqli o‘tkazish maqsadida Forish tumani madaniyat markazida madaniy-badiiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda qonun cholg‘u asbobi, gitara ijrochiligi, raqs to‘garaklari hamda “Iftixor” yoshlar jamoasi ishtirokida konsert dasturi uyushtirildi. Shuningdek, floristika hamda tasviriy san’at to‘garaklari ishtirokchilari tomonidan ijodiy ko‘rgazmalar ham namoyish etildi.

***

Respublika ishchi guruhi tomonidan Jizzax shahridagi ko‘p qavatli uylarda va ijtimoiy ob’ektlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha o‘rganish olib borilib, muammolar bartaraf etilmoqda. Jumladan, Jizzax shahar 2-sektor hududiga qarashli “Kimyogar” MFYdagi ko‘p qavatli uylarga “framuga” oynalari o‘rnatildi. Arnasoy tumani hokimligida ishchi guruhning yig‘ilishi o‘tkazilib, hududda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan rejalar tuzildi. Mavjud muammolar inobatga olinib, ularni bartaraf etish choralari ham belgilandi.
***

Jizzax viloyati IIBning inspektor-psixologlari hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari Sharof Rashidov tumanidagi harbiy qismda bir haftalik o‘quv kursida kasbiy va amaliy ko‘nikmalarni oshirishmoqda. IIVning joriy yil 30 oktyabr kungi hamda viloyat IIB boshlig‘ining tegishli farmoyishi asosida tashkil etilgan o‘quvda viloyat IIBning sohaviy xizmatlari, prokuratura organlari va boshqa bir qator davlat va tashkilot idoralari mutaxassislari tomonidan mashg‘ulotlar olib borilmoqda.


***

Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev xitoylik investorlar bilan uchrashib, tumanda sement mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi xususida suhbatlashdi. Mazkur loyihaga asosan, tumanda sement mahsuloti ishlab chiqarish uchun 182 846,8 ming tonna zaxira mavjud bo‘lib, xomashyo bazasi bo‘lgan yer “ABSALUTYe ACYeS” MCHJ tomonidan ochiq elektron tanlov orqali sotib olindi. Hozir umumiy qiymati 200 million AQSH dollari, kunlik ishlab chiqarish quvvati 7500 tonna bo‘lgan sement loyihasi bo‘yicha Xitoy davlatidan kelgan mutaxassislar tomonidan loyiha smeta ishlari olib borilmoqda.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri.