Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzaxda viloyati hokimligi Korrupsiyaga qarshi kurashish sho‘’basi xodimlari uchun 2023 yilga mo‘ljallab tuzilgan maxsus o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
O‘quv mashg‘ulotlarida xodimlarning kasbiy odob-axloq qoidalari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori darajada bo‘lgan funksiyalarni bajaruvchi xodimlar faoliyati, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, usullari, korrupsiyaviy xavf-xatarlarga alohida e’tibor qaratildi.

Arnasoy tumani mahalla fuqarolar yig‘inlarida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Arnasoy tuman bo‘linmasi homiyligida iftorlik dasturxonlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, kuni kecha yozilgan iftorlik dasturxoni tumandagi 1-sektor hududiga qarashli “Gulbahor” MFY Hamid Olimjon ko‘chasida yashovchi Xayrullo Naxalov xonadonida tashkil etilib, unga shu mahallada istiqomat qiluvchi ro‘zador otaxon va onaxonlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan fuqarolar taklif etildi.
Iftorlik so‘ngida Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlarning haqqiga bag‘ishlandi va Yaratgandan yurtga tinchlik, halqimizga farovon hayot, barcha sohalarda baraka va unum so‘raldi.

Baxmal pedagogika kollejida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlar “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi ostida amalga oshirilayotganini, yangilanayotgan Konstitutsiyamizning yoshlarning huquq va manfaatlariga daxldor normalarini har tomonlama tahlil qilgan holda “Konstitutsiya – yorqin kelajak garovi” deya e’tirof etishga ham barcha asoslar borligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida tuman manaviyat bo‘limi hamda talabalar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi. Tadbir yakunida barcha fuqarolar joriy yilning 30 aprel kuni o‘tadigan umumxalq Referendumida faol ishtirok etishga chaqirildi.

G‘allaorol tumani IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari I.Nurmatov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Marjonbuloq shaharchasida sayyor qabul tashkil etildi.
Qabul davomida fuqarolarning turli masalalar yuzasidan qilgan murojaatlari tuman 3-sektor rahbari, a’zolari hamda mutasaddi idoralar ishtirokida birma-bir ko‘rib chiqildi.

Murojaatlarning ijobiy hal etilishiga alohida e’tibor qaratilib, ko‘tarilgan masalalarning 35 foizi joyida hal etilgan bo‘lsa, 10 foiz murojaatlarga huquqiy maslahatlar berildi, shuningdek, qo‘shimcha o‘rganish vaqt talab etigan qolgan murojaatlar yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi hamda ijrosi alohida nazoratga olindi.

Zarbdor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda “Kitob sevar millat” shiori ostida kitob yarmarkasi tashkil etildi.
Sektor rahbarlari, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari o‘quvchi-yoshlar qatnashgan ushbu tadbirda kitob va uning mutolaasi qay darajada ahamiyatliligi borasida so‘z bordi.
Tadbirga kelgan sektorlar rahbarlari va ota-onalar maktab kutubxonasi uchun turli badiiy hamda ilmiy adabiyotlar sovg‘a qildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA