Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlikda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, axborot kutubxona markazi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda tibbiyot birlashmasi hamkorlikda “Kitobxonlik kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda yoshlarga o‘rnak ko‘rsatayotgan “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi Gulmira Xolmurodova, Xalq ta’limi a’lochilari Rahima Xo‘janiyozova, Vazira Abdumannonova hamda shifokor O‘ktam Mengliyevlar ishtirokida “Kitob ma’naviyat ko‘zgusi” mavzusida “Mahorat darsi” o‘tkazildi.

Zafarobod tumani hokimligi, ichki ishlar bo‘limi va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida “Xavfsiz hayot uchun” aksiyasi doirasida tashkil etilgan yurish marafoni keksayu-yoshni bir maqsad yo‘lida birlashtirdi.
Aholi va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan marafon barchaga jismoniy tetiklik bilan birga a’lo kayfiyat ham bag‘ishladi. Tadbirda ishtirok etgan 2 mingga yaqin qatnashchi 5 ming qadam masofani bosib o‘tdi.

Yangiobod tumanida sektorlar rahbarlari boshchiligida muborak Ramazon oyi munosabati bilan mahallalardagi keksa, nogiron, ehtiyojmand fuqarolar uchun xayr-saxovat tadbirlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, tumanning 1-sektori hududiga qarashli “Sovot” QFYda 150 nafar aholi uchun iftorlik dasturxoni yozilib, milliy taomimiz “To‘y oshi” tarqatildi. Ramazon oyi munosabati bilan tumanning boshqa sektorlarida ham bu kabi xayriya iftorliklari o‘tkazib borilishi belgilangan.

G‘allaorol tumani IIB JXX YHXB hamda tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan “Xavfsiz hayot uchun aksiyasi” doirasida muntazam ravishda profilaktika tadbirlari o‘tkazib borilmoqda.
Jumladan, tuman markazidagi avtoshohbekatda huquq-tartibot idoralari xodimlari yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar, yo‘lovchilar hamda piyodalarga, yo‘l harakati qoidalariga, yo‘l belgilariga, ko‘rsatilgan tezlik me’yorlariga rioya etishni ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarini oldini olish borasida aniq ko‘rsatma va tushunchalar berdi.

Forish tumani hokimining o‘rinbosari, investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Temur Sa’dullayev tomonidan tuman aholisi uchun navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
Qabulda fuqarolar tomonidan bandlikni ta’minlash, uy-joy masalasi, bankdan kredit ajratish, davolanishda ko‘maklashish va boshqa masalalar bo‘yicha jami 15 ta murojaat tinglandi. Murojaatidan 13 tasi tegishli korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari tomonidan joyida qanoatlantirildi. Qolgan 2 ta murojaat tegishli tashkilotlarga ko‘rib chiqish va ijro etish uchun topshirilib, ijrosi nazoratga olindi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA