Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tumani hokimi O‘tkirbek Rahmonovning fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi.
Qabulda 37 nafar fuqaro qatnashib, kelib tushgan 15 ta murojaatning 5 tasi joyida yechimini topdi. 2 nafar murojaatchiga huquqiy maslahatlar berildi. Qolgan murojaatlar tegishli tashkilot rahbarlari ishtirokida muhokama qilinib, mutasaddilarga qat’iy topshiriqlar berilib, aniq ijro muddati belgilandi va nazoratga olindi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali va viloyat Bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida seminar tashkil etildi.
Tadbirda hokimliklar va boshqarmalar kadrlar bo‘limlari uchun xodimlarning mehnat faoliyatiga doir ma’lumotlarini “YAMMT” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga to‘liq va xatosiz kiritilishi bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi G‘allaorol tuman bo‘linmasi tashkilotchiligida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT (Shanxay hamkorlik tashkiloti) sammitining mazmun-mohiyati, ahamiyatiga bag‘ishlangan “Muloqat va hamkorlik” mavzusida tuman hokimligi mutaxassislari va tuman Kengashi deputatlari ishtirokida ma’rifat soati o‘tkazildi.
Tinglovchilarga SHHT Samarqand sammitining dunyoda tinchlik, osoyishtalikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyati targ‘ibot qilindi.
Sharof Rashidov tumani ichki ishlar bo‘limida paxta yig‘im-terimida namuna ko‘rsatayotgan xodimlarni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Jizzax viloyati IIB boshlig‘i general-mayor G‘ayrat Qodirov va tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev “Paxta-2022” mavsumi davomida jamoat tartibini saqlash, paxta xom ashyosi talon-toroj va nobut bo‘lishining oldini olish borasida faollik ko‘rsatayogan bir guruh soha vakillariga qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda mas’ullarga huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid vazifa va topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining ishchi guruhi Jizzax viloyati tumanlarida bo‘lib, aholi tomorqalarida amalga oshirilayotgan kuzgi dala ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan seminar o‘tkazdi.
Jumladan, Arnasoy tumanida bo‘lib, aholining qiziqishlari va takliflari o‘rganildi. Bobur nomli mahalla fuqarolar yig‘ini “Yangi O‘zbekiston” ko‘chasida yashovchi Eshpo‘lat Umrzoqov xonadonidagi 0,02 gektar maydonga ekilgan 60 tup limon ko‘chati, 0,04 gektar Oltiariq usulida ekilgan uzum ko‘chatlari hosildorligi ko‘zdan kechirildi va yana 0,02 gektar maydonga to‘qsonbosti usulida sarimsoq piyoz yetishtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
M.Muxammadiyev boshchiligidagi ishchi guruhi a’zolari viloyatning boshqa tumanlarida ham tomorqalarda amalga oshirilayotgan kuzgi dala ishlarini yaqindan o‘rganmoqda.

Do‘stlik tumani maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli davlat ta’lim tashkilot (DMTT)lari tarbiyachilari o‘rtasida “Eng yaxshi loyiha muallifi” bo‘yicha ko‘rik-tanlov tashkil etildi.
Tadbir davomida tarbiyachilarning ijodiy ishlari va loyihalari baholanib, g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA