Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri R.Tangirqulova fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish muammosi, MTTga ishga joylashtirish, mahallaga yangi MTT qurilishi va boshqa shu kabi jami 12 ta murojaat qayd etildi.

Ushbu murojaatlarning 5 tasi joyida ijobiy hal etildi. 3 ta murojaatchiga huquqiytushunchalar berildi va 4 ta masala ijrosi vaqt va mablag‘ talab qilganligi bois nazoratga olindi.

***
Forish tuman avtomobil yo‘llardan foydalanish davlat unitar korxonasi jamoasi Bog‘don shaharchasidagi Amir Temur ko‘chasining markaziy chorrahadan “Qizilqum” MFY chorrahasigacha hamda qo‘shni Samarqand viloyati Nurota tumanigacha qarashli bo‘lgan qismigacha yo‘lni ta’mirlab, asfalt qoplama yotqizish ishlarini oxiriga yetkazayotir.

Mazkur ko‘chada yo‘lning o‘rtasiga beton to‘siqlar hamda tungi yoritgichlar o‘rnatildi. Yo‘lning ikki tarafiga beton lotoklar yotqizilib, betondan piyodalar yo‘laklari bunyod etildi.
***
Qurbon hayiti munosabati bilan Zarbdor tumanida ham mehr-saxovat ishlari davom etmoqda.

Musulmon olamining ushbu muqaddas bayrami keng nishonlanayotgan bugungi kunlarda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomanidan tumandagi 60 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlar tarqatildi.
***
Qurbon hayiti nishonlanayotgan shu kunlarda Sharof Rashidov tumani “Xavaslik” MFYda mahalliy tadbirkor tomonidan yangidan bunyod etilgan, barcha qulayliklarga ega 50 o‘rinli “BEBY SAD” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Tashkilotning ochilish marosimida mahalla faollari, nuroniy otaxonu onaxonlar, xususiy tadbirkor No‘monov Azizjonning oila a’zolari ishtirok etib, oilaviy bog‘cha xodimlari ishlarida omad tiladi hamda bolajonlarni yangi maskanga qabul qilinganlari bilan tabrikladi.
***
Arnasoy tumanida Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasining mazmun-mohiyati to‘g‘risida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tuman Kengashi deputatlari va O‘zXDP faollari va fuqarolar ishtirok etdi.

Unda konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar, konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati keng ochib berildi.
Muzokaralarda so‘zga chiqgan deputatlar va O‘zXDP faollari konstitutsiyaviy qonun loyihalariga o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat) O‘zA