Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tuman hokimligi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi hamda axborot-kutubxona markazi hamkorligida yoshlarning intellektual salohiyatlarini oshirish maqsadida “Zakovat”intellektual o‘yinlari tashkil etildi.

Milliy universitet Jizzax filiali professor-o‘qituvchilari va talabalari, shuningdek, mahallalar iqtidorli yoshlardan tuzilgan jami 6 ta jamoa ishtirok etgan bellashuvda Yangiobod tumanining “Rennesans” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
* * *
Zarbdor tumani prokurori R.Masharipov “Tadbirkorlar va yoshlar” bilan o‘tgan ushrashuvda ularning murojaatlarini tingladi.

Tadbirkorlar hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning taklif va murojaatlari tinglandi. Ko‘tarilgan masalalarning asosiy qismi joyida ijobiy hal etildi. Hal etilmagan masalalar yuzasidan tegishligigi bo‘yicha korxona va tashkilot rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi va ularning ijrosi nazoratga olindi.
* * *
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida G‘allaorol tumanidagi tashkilot, korxona va muassasalar o‘rtasida sportning mini-futbol turi bo‘yicha hokim kubogi bellashuvlari o‘tkazildi.

Musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra – tuman xalq ta’limi pedagoglaridan tashkil topgan jamoa 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, kubokning viloyat bosqichiga yo‘l oldi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
* * *
Respublika ishchi guruhi a’zosi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Furqat Jo‘raqulov Do‘stlik tumani mahallalarida bo‘lib yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan tuman shtabi a’zolari bilan ochiq muloqot qildi.

Mahalla fuqarolari yig‘inlariga tayinlangan yoshlar yetakchilarining faoliyati, ularga tuman hokimligi tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
F.Jo‘raqulov mahallalar kutubxonalari faoliyati bilan ham tanishib, kutubxonlar uchun badiiy kitoblar sovg‘a qildi.

* * *
Forish tumanida umumta’lim maktablari o‘quvchilari, ota-onalar va uyushmagan yoshlar ishtirokida “Biz diniy ekstremizm va terrorizmga qarshimiz” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda diniy ekstremizm va terrorizmning ayanchli oqibatlari, bunday tahdidlarning oldini olish, yoshlar ongini turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash haqida so‘z bordi.
Ishtirokchilarga tarmoqlar platformalarida ilgari surilayotgan da’volar, yoshlar orasida diniy aqidaparastlik va mutaassiblik g‘oyalari tarqalishining oldini olish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA