Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida hokim yordamchilari uchun 10 kunlik o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Unda davlatimiz rahbarining joriy yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining mazmun-mohiyati atroflicha tushintirildi.
Hokim yordamchilari uchun tashkil etilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotda “Mahallabay” ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari xodimlari ham ishtirok etdi.
* * *
Kirib kelayotgan Yangi yilni G‘allaorol tumanidagi “Sarbozor” mahalla fuqarolar yig‘ini yangidan buyon etilgan ma’muriy binoda nishonlaydigan bo‘ldi.

Mahalliy tadbirkor Mirkomil O‘rolov tashabbusi bilan mahalla markazida davlat-xususiy sherikchiligi asosida barpo etilgan mahalla binosi foydalanishga topshirildi. Mahalla binosi ochilishida Jizzax viloyat prokurori Islomjon Ergashxodjayev, tuman hokimi Jaloliddin Oqboyev hamda mahalla oqsoqollari ishtirok etdi.
* * *
Sharof Rashidov tumanida faoliyat olib borayotgan “INTEGRAL SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyati temirdan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Ushbu korxona rahbari Akmal Murodovning ta’kidlashicha, soliq xodimlari ko‘magi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning keng miqyosda sotilishi yo‘lga qo‘yildi. Bir oyda korxona xodimlari 5 milliondan 8 milliontagacha mahsulot ishlab chiqarayotgan bo‘lsa, soliqchilar tomonidan mijozlarni o‘z vaqtida topishga yordam berilishi natijasida ishlab chiqarish quvvati salkam 2 barobarga oshib, mahsulot ishlab chiqarish miqdori 15 milliontaga yetkazilgan.
* * *
Arnasoy tuman kasb-hunar maktabida hokim yordamchilari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 noyabrdagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorining mazmun-mohiyati hamda “e-auksion.uz” platformasi orqali yer uchustkalarini tanlovga qo‘yish tartibi atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, ushbu tadbir ishtirokchilariga mahallada bo‘sh turgan ob’ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida ham kerakli maslahatlar berildi.

* * *
Baxmal tumani hokimligi tashabbusi bilan shu hududdagi boquvchisini yo‘qotgan oilalarning 20 nafar farzandi uchun xatna to‘ylari o‘tkazib berildi.

Bolalarning quvonchiga sherik bo‘lish maqsadida tuman hokimi Musa Anarbayev, sektorlar rahbarlari va tuman hokimining o‘rinbosarlari to‘yda ishtirok etib, sovg‘a-salomlar ulashdi. To‘y munosabati bilan uloq-ko‘pkari tashkil etildi.
* * *
Mirzacho‘l tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 5-IDUMda o‘quvchi-qizlar o‘rtasida “Erta turmushning oldini olish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda yigit-qizlar uchun psixologik, tibbiy maslahatlar berildi.

A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA