Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyatida joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 303 ming 900 tonna sabzavot yetishtirildi.
Bu o‘tgan 2020 yilning shu davriga nisbatan 1,7 foizga ko‘p bo‘lib xo‘jalik toifalari bo‘yicha tahlil qilinganda, sabzavot yetishtirish umumiy hajmidan 58,8 foizi dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar hissasiga to‘g‘ri keldi.
***
Majburiy ijro byurosi organlari xodimlari o‘rtasida bir qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda. Musobaqalar O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda 8 yanvar – Prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan.

Mini-futbol bo‘yicha birinchi bosqichdagi qur’a natijalariga ko‘ra, Byuuroning Jizzax viloyati boshqarmasi terma jamoasi Samarqand viloyatilik hamkasblari bilan bilan o‘zaro bahs olib borib, jizzaxliklar 6:4 hisobida g‘alabaga erishdi va chorak finalga yo‘l oldi.
***
Sharof Rashidov tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish “Dolzarb 40 kunlik” qizg‘in davom etmoqda.
"Yangi hayot" suv iste’molchilari uyushmasidagi 18 ta fermer xo‘jaligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi “Dolzarb 40 kunlik” aksiyasi an’ana tusini oldi. Hududdagi “Iqbol Asil Tolasi” fermer xo‘jaligi rahbari Xurshid Mustafoqulov va xo‘jalikning ishchi xodimlari bilan birgalikda dala maydonlari atrofiga 2 ming donaga yaqin tut ko‘chatlari ekilmoqda. Ushbu SIU vakillari joriy yilning o‘zida 10 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekishni rejalashtirgan.

Yangiobod tumanida "Sog‘lom ovqatlantirish" mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli barcha DMTT (davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari) direktorlari, hamshiralari va xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudirlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi oziq-ovqat bo‘yicha mutaxassisi A.Nasrullayev, tuman SEOM mutaxassisi M.Ibragimov hamda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi xodimi E.Shoyimqulov tomonidan yangi taomnoma bo‘yicha sog‘lom ovqatlantirish yuzasidan zarur tushuncha va tavsiyalar berildi.

Mirzacho‘l tumani "Ipak yo‘li" qishloq fuqarolar yig‘inida Maxalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi ishtirokida "Keksalar uchun turizm oyligi" munosabati bilan "Kasbim-faxrim" mavzusida keksa avlod vakillari va yoshlar uchrashuvlari tashkil etildi.
Uchrashuvda tuman faxriy fermerlari, tadbirkorlar, soha vakillari yoshlarga ibratli voqealar, mehnatdan keladigan obod va chiroyli turmush to‘g‘risida so‘zlab berdi. So‘ng yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassis, mehnat faxriylari tomonidan javob oldi.

Arnasoy tumanidagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Fan va tabiat” oyligi o‘tkazildi.
Oylik doirasida tumandagi 5-sonli “Navro‘z” DMTT tarbiyalanuvchilari o‘rtasida ingliz tili bo‘yicha musoboqa tashkil etildi. Unda bellashuvning jajji ishtirokchilari ingliz tilida tanishtiruv, “Harakatlarni bajaring!”, “Bu qaysi sabzavot?”, harflarni alifbo tartibida yozish, “Kim chaqqon?” kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Musoboqaning barcha ishtirokchilari faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Paxtakor tumanidagi mavjud 15 ta mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha “Hokim yordamchisi” lavozimiga tavsiya etilgan nomzodlar tanishtirildi.
Tadbirda “O‘zbekiston qahramoni” Anorboy Eshmatov, viloyat hokimining o‘rinbosari Sindor Rahmonqulov, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Shodmonov hokim yordamchisi oldida turgan vazifalar xususida gapirdi.

G‘allaorol tumani yosh ijodkorlari va ijodiy targ‘ibotchilarning navbatdagi mushoira tadbiri Aydarko‘l sohillarida bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar o‘z ijodlaridan namunalar o‘qib, qo‘shiqlar ijro etdi.
Ushbu tadbir “Qaqnus” ijodkorlar to‘garagining 10 yilligi uchun Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi ko‘magida tashkil etildi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA