Jizzax viloyat xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan Yangiobod tumanida yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan immunitetini shakllantirishga qaratilgan “Tengdoshimga huquqiy yordam” targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, qonunlarga hurmat, mamlakat taqdiriga daxldorlik hamda vatanparvarlik hissini kuchaytirishga qaratilgan ma’lumotlar, qonunchilikda belgilangan imtiyozlarning mazmun- mohiyati haqida atroflicha tushunchalar berildi.
[gallery-21367]
Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
***
Jizzax shahrida kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida olib borilayotgan ishlar viloyat prokurori B.Ibrohimov tomonidan atroflicha o‘rganildi.
Shahardagi “Kunlik mehnat markazi”da ish izlovchilar uchun yaratilgan zarur ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar ko‘zdan kechirilib, murojaatga kelgan fuqarolar bilan ularning bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha suhbatlashildi.
O‘rganishlar davomida 16 nafar ish izlovchi o‘z xohishiga ko‘ra ishga joylashtirilgan bo‘lsa, qolgan fuqarolarning doimiy bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish, oilaviy daromadini oshirish, hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
***
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi bo‘yicha G‘allaorol tumani hududidagi 35 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” tomonidan xonadonma-xonadon yurish orqali 30 yoshdan oshgan, vaqtincha ishsiz bo‘lgan xotin-qizlar xatlovdan o‘tkazilib, anketa so‘rovnomalari to‘ldirilmoqda.
Ushbu xatlovlar jarayonida oilalardagi mavjud muammolarni o‘rganish va ehtiyojmand xotin-qizlarni aniqlab, ularni “Ayollar daftari”ga kiritish hamda ushbu muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilash ishlari amalga oshirilmoqda.
***
Mirzacho‘l tumanida Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi.
Respublika ishchi guruhi mas’ullari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlari ekib kelinayotgan maydonlarning dala chetlaridan unumli foydalanish, turli xil eksportbop ekinlar, mevali daraxtlar – gilos, behi, jilon jiyda va uzum ko‘chatlarini to‘g‘ri tanlash, ekish hamda parvarishlash bo‘yicha zarur tavsiya va tushuntirishlar berildi.
***
Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov va Zarbdor tumani hokimi Begzod Toshpo‘latov mutasaddi rahbarlar ishtirokida tumandagi “Nurafshon” MFY fuqarolari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Unda asosiy e’tibor hududda “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlari asosida amalga oshirilayotgan ishlarga qaratildi. Chunonchi, hududdagi 3 ta ko‘p qavatli uyning tomi yangilanib, tashqi qismi bo‘yalishi, mazkur binolar qarshisida tandirxonalar hamda bolalar maydonchasi barpo etilishi, qishloq vrachlik punkti va tez tibbiy yordam bo‘limi ta’mirlanishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, mahallaga 1 ta transformator hamda 60 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, elektr tarmoqlari tortiladi. 11,5 kilometrlik ichimlik suvi quvurlari almashtirilib, suv saqlash inshootiga 2 ta nasos o‘rnatiladi. Ikkita asosiy ichki yo‘l ta’mirdan chiqariladi, 15 ta ko‘chaga shag‘al yotqizilib, 1 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi quriladi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri