JizPIda Konstitutsiya – kuni keng nishonlandi
Jizzax politexnika institutida Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi” mavzusida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat prokuraturasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, institut professor-o‘qituvchilari, tyutorlar hamda talaba-yoshlari, shuningdek, Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabi hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jizzax akademik litseyi o‘quvchilari ishtirok etdi.
Prezidentimizning joriy yil 17 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax politexnika instiutida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, huquqshunos olimlar, adliya vakillari, yozuvchi va jurnalistlar ishtirokida “Konstitutsiyani o‘rganamiz”, “Konstitutsiya – adolat tantanasi” mavzularida uchrashuvlar, ochiq muloqotlar, huquqiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Konstitutsiya kuniga bag‘ishlab o‘tgan ushbu tadbir davomida bir qator yuksak kasb mahoratiga ega, sohaning fidoyisi bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, oliygoh xodimlari hamda bir qator tanlov, fan olimpiyadalari, Xalqaro va respublika miqyosidagi sport musobaqalari g‘olib va sovrindori bo‘lgan talaba-yoshlar JizPI rektorining faxriy yorliq, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Konstitutsiya bayrami sharafiga uyushtirilgan tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari M.Abduraxmonova, viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Sh.Baxromov, viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori O.Odilov hamda “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti X.Xidirovlar so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi.
Notiqlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati hamda unga kiritilgan o‘zgarishlar, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan izchil siyosat haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.
Bayram tadbiri davomida Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi”ga oid, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jizzax akademik litseyi tarbiyalanuvchilarining “Harbiy jang sa’ati” ko‘rgazmali chiqishlari ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida JizPI qoshidagi talaba-yoshlardan tashkil etilgan havaskor sanatkorlarning bayram konserti namoyish etildi. Unda oliygoh sanoat texnologiyasi fakulteti “Joziba” raqs to‘garagi qizlari ijrosidagi “Tanovar raqsi” ishtirokchilarning olqishlariga sazavvor bo‘ldi. Bayram tadbirida yangragan kuy-qo‘shiqlar, bayramona chiqishlar, turli xil kreativ namoyishlar ishtirokchilarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA