Jinoyatga qarshi kurash — hamjihatlikdan boshlanadi
Jinoyat sodir bo‘lgandan keyin uning oqibati bilan kurashishdan ko‘ra, uning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik ming karra muhim. Ayniqsa, yoshlar taqdiri, oila tinchligi va mahalla osoyishtaligi bilan bog‘liq har bir huquqbuzarlik ortida nafaqat qonunbuzarlik, balki e’tiborsiz qolgan muammo, o‘z vaqtida eshitilmagan murojaat, nazoratdan chetda qolgan yosh yoki tarbiyadagi bo‘shliq turgan bo‘lishi mumkin.
Bugun mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasiga aynan shu nuqtai nazardan yondashilmoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan mahallalarda xavfsiz va osoyishta muhitni ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ayniqsa, yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash, har bir oila bilan manzilli ishlash tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro shahrida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilish ham ana shu talab va vazifalarning hayotdagi amaliy ifodasi bo‘ldi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov raisligida shahardagi jinoyatchilik ahvoli, uning kelib chiqish sabablari va oldini olish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari B. Adilov, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosarlari, shahar hokimi, prokuratura organlari mas’ullari, Buxoro shahridagi barcha 65 ta mahalla “yettiligi”, shuningdek, jinoyatchilik profilaktikasiga mas’ul bo‘lgan idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.


Yig‘ilishda raqamlar shunchaki statistika sifatida emas, balki har bir mutasaddini jiddiy o‘ylantirishi lozim bo‘lgan ko‘rsatkich sifatida tahlil qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida viloyat miqyosida qayd etilgan jinoyatlarning asosiy qismini kibermakonda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar tashkil etmoqda. Bu esa zamonaviy texnologiyalar bilan birga yangi xavf-xatarlar ham kirib kelayotganini ko‘rsatadi.
Eng tashvishli jihatlardan yana biri — viloyat bo‘yicha oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlarning salmoqli qismi Buxoro shahri hissasiga to‘g‘ri kelayotganidir.
Viloyat markazi — tarixiy shahar, sayyohlik maskani, ilm-fan va madaniyat o‘chog‘i. Shu bois bu yerda osoyishtalik va xavfsizlik masalasi oddiy bir ko‘rsatkich emas, balki shaharning umumiy qiyofasi, aholi xotirjamligi va kelajak avlod tarbiyasi bilan bevosita bog‘liq masaladir. Shu nuqtai nazardan, yig‘ilishda Buxoro shahrida bezorilik jinoyatlarining ortib borish tendensiyasiga alohida e’tibor qaratildi.


O‘tgan yilga nisbatan bezorilik holatlarining sezilarli darajada ko‘paygani tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Viloyat miqyosida sodir etilayotgan bezorilik jinoyatlarining qariyb yarmi aynan viloyat markazi hissasiga to‘g‘ri kelayotgani esa befarq qoldirmaydigan holatdir. Bu raqam ortida esa oddiy bir statistika emas, balki buzilgan osoyishtalik, jabrlangan inson, tashvishga tushgan oila va ba’zan bir umrlik iz qoldirishi mumkin bo‘lgan taqdirlar bor.
Yig‘ilishda bezorilik jinoyatlari eng ko‘p qayd etilgan “S. Ayniy”, “Shayxon”, “Bexishtiyon”, “Jo‘bor”, “J. Ikromiy”, “R. Hamroyev”, “Piriddastgir” va “Shodlik” mahallalaridagi holatlar atroflicha ko‘rib chiqildi. E’tiborlisi, muhokama shunchaki hisobot eshitish bilan cheklanmadi. Jinoyatda gumon qilinayotganlar va jabrlanuvchilar, ularning oila a’zolari ishtirokida ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Har bir holatning kelib chiqish sabablari, unga zamin yaratgan omillar va uning oldini olish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Zero, profilaktika degani faqat sodir etilgan jinoyatni qayd etish emas. Profilaktika — jinoyat sodir bo‘lishidan oldin xavfni ko‘ra bilish, muammoni aniqlash, inson bilan ishlash, uni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish demakdir.
Muhokamalar davomida yana bir jiddiy holatga e’tibor qaratildi: bezorilik jinoyatlarida gumon qilinayotganlarning aksariyati yoshlar va talabalar ekani ma’lum bo‘lmoqda. Bu holat ta’lim muassasalari zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Yoshning qo‘liga diplom berishning o‘zi yetarli emas. Uning dunyoqarashi, huquqiy madaniyati, muomala madaniyati, jamoada o‘zini tutishi, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotgani ham doimiy e’tiborda bo‘lishi kerak.
Shu bois yig‘ilishda ta’lim muassasalari rahbarlariga tarbiyaviy nazoratni kuchaytirish, qoidabuzar talabalar bilan manzilli ishlash, ularning ota-onasi va mahallasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

Qoidabuzar talabalar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga tegishli taqdimnomalar kiritilishi belgilandi. Bu talab jazolash uchun emas, avvalo, jinoyatning ildiz otishiga yo‘l qo‘ymaslik, yoshning bir xatosi uning butun kelajagini barbod etishiga yo‘l qo‘ymaslik nuqtai nazaridan muhim. Ayniqsa, Buxoro shahridek qadimiy va ma’naviy salohiyati yuksak maskanda bezorilik, ko‘cha janjallari va boshqa huquqbuzarliklarning ko‘payishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat ekani qat’iy ta’kidlandi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mahallani jamiyatning eng muhim bo‘g‘iniga aylantirish, “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlash tizimini kuchaytirishga katta e’tibor berilmoqda. Bu borada mahalla “yettiligi” zimmasiga yuklangan vazifalarning ahamiyati yanada ortadi. Chunki ko‘p hollarda muammo jinoyatga aylanishidan ancha oldin uni ko‘rish mumkin. Qaysi xonadonda oilaviy nizo bor, qaysi yosh ishsiz, kimning bo‘sh vaqti nazoratsiz qolmoqda, kim internetdagi xavfli ta’sirlarga berilib ketmoqda — bularning barchasini eng avvalo mahalla bilishi kerak. Shu ma’noda, jinoyatchilik profilaktikasi ichki ishlar organlarininggina vazifasi emas. Bu — mahalla, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati, hokimlik, prokuratura, jamoat tashkilotlari, ota-onalar va keng jamoatchilikning birgalikdagi mas’uliyatidir.
Yig‘ilish yakunida mas’ul rahbarlarga bildirilgan tanqid va mulohazalardan tegishli xulosa chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan aniq “yo‘l xaritasi” va kunlik ish rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, bunday ochiq va tanqidiy muhokamalarni muntazam o‘tkazib borish belgilandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri