Jinoyatga jazo muqarrar
Sudlanuvchi A.Naimov 2021 yilning 1 fevralidan G‘ijduvon tumanidagi “Mirshod avto maktab” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘qituvchi vazifasida ishlab keladi.
U o‘z xizmat mavqeidan foydalanib fuqaro F.Abdullayevning mulkini aldash yo‘li bilan qo‘lga kiritishni rejalashtirgan. Harakatlarining qonunga xilof ekanligini bila turib, uning ishonchiga kirgan. Pora berishga dalolat qilgan. Fuqaro F.Abdullayevni “B-S” toifadagi haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihondan o‘tkazish, tibbiy ma’lumotnoma olib berish hamda haydovchilik kursida o‘qiganlik to‘g‘risida hujjatlarni tayyorlab berish evaziga 3 million so‘m pulni talab qilgan.
2021 yil 24 noyabr kuni soat 12:00 larda G‘ijduvon tumani, Yu.Hamadoniy ko‘chasida joylashgan “Mirshod avto maktab” mas’uliyati cheklangan jamiyati binosida F.Abdullayevdan 3 million so‘m pullarni olgan vaqtida ushlangan.
Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan A.Naimov aybiga to‘liq iqrorligini bildirdi. Sud, sudlanuvchi A.Naimov tomonidan sodir etilgan jinoyat o‘zi egallab turgan lavozim va faoliyati bilan bog‘liq holda sodir qilinganligi sababli, uni O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddasiga asosan muayyan huquqdan, ya’ni avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularni malakasini oshirish muassasalarida ishlash huquqidan mahrum qilishni lozim topdi.
Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 25,168-moddasi 3-qismining “v” bandi bilan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Bobir Umarov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani sudi raisi