Jinoyatchilikka barham berish – muhim vazifa
Yurtimizda mahalla institutining roli va ahamiyati tobora mustahkamlanib bormoqda. Milliy qadriyatlarning beshigi sanalgan ushbu maskanda hukm suradigan sog‘lom ma’naviy muhit jamiyat farovonligining tayanchi bo‘lib xizmat qiladi.
Bu borada davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida profilaktika inspektorlari tomonidan har bir oila va xonadondagi muhitni o‘rganish, huquqbuzarlik sodir etilishiga ta’sir etuvchi omillar va muammolarni bartaraf etish, “xavfsiz xonadon”, “xavfsiz hovli” tizimini yo‘lga qo‘yish kabi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Har qanday jinoyatga tag-tomiri bilan barham berish uning sodir etilish sabablarini puxta o‘rganishni taqozo etadi. Shu kunlarda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tomonidan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek hamda Yunusobod tumanlarida mazkur yo‘nalishda keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha muammolar o‘rganilib, hududiy ichki ishlar organlariga ilmiy-metodik va amaliy jihatdan ko‘mak berilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joriy yilning o‘tgan uch oyi mobaynida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyatchilik soni oshganligi qayd etilgan. Xuddi shunday holatni Yunusobod tumanida ham ko‘rish mumkin. Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Akademiya ishchi guruhi tomonidan joylarda sektor rahbarlari, hokimlik, ichki ishlar organlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari mutasaddilari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilib, jinoyatlarning sodir etilishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, ilmiy “diagnoz” qo‘yish orqali ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Kriminogen vaziyati murakkab hududlar ahvoli “mahallabay” tizimda o‘rganilgach, huquqbuzarliklar profilaktikasida tizimli kamchiliklar mavjudligi ayon bo‘ldi. Jumladan, tumanlardagi ayrim mahallalar hududi videokameralar bilan yetarli darajada ta’minlanmagan. Aholi gavjum maskanlarda o‘rnatilgan kuzatuv moslamalarining aksariyati yillar davomida yaroqsiz holga kelib qolgan. Shu bilan birga, jamoat joylari, savdo majmualari va ko‘ngilochar maskanlarda aholini ogohlik va hushyorlikka da’vat etuvchi targ‘ibot-tashviqot ishlarining samarali yo‘lga qo‘yilmagani ayrim hududlarda jinoyatning sodir etilishiga sabab bo‘lgan.
Ishchi guruhi a’zolari Mirzo Ulug‘bek tumanining “Feruza”, “Kamolot”, Yunusobod tumanining “Uvaysiy”, “Bog‘ishamol”, “Husnobod” mahallalarida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi sub’ektlar vakillari bilan uchrashib, jinoyatchilikni jilovlashda “mahallabay”, “oilabay”, “fuqarabay” ishlash mexanizmini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan tushuntirishlar olib bordilar. Hududlarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash, aholining doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan qatlami bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish borasida aniq vazifalar belgilab olindi. Chunonchi, Mirzo Ulug‘bek tumani “Kamolot” mahallasi hududida bir necha yillardan buyon doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun “mardikor bozori” faoliyat yuritgan. Poytaxt va respublikamiz hududlaridan kelgan turli yosh toifasidagi shaxslar orasida muqaddam sudlangan yoki jinoyat sodir etishga moyillarning ko‘pligi hududga kriminogen xavf tug‘dirgan. Natijada, 2019-2020 yillar mobaynida bezorilik, tan jarohati yetkazish, o‘g‘irlik va firibgarlik jinoyatlarining 41,2 foizi aynan shu toifadagi shaxslar tomonidan sodir etilgan. Mavjud muammoga ijobiy yechim topish maqsadida “Kamolot” mahallasi hududida vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash byurosini tashkil etish bo‘yicha tuman hokimligiga taklif kiritildi.
O‘rganishlar davomida Yunusobod tumanining “Husnobod” mahallasida 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida sodir etilgan 36 ta jinoyatdan 19 tasi (48,3 foizi)ni firibgarlik tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Ishchi guruhi vakillari mazkur holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, ishchi guruhining sa’y-harakatlari bilan shu kungacha ijara binosida faoliyat yuritib kelgan “Buyuk Turon” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun doimiy turar-joy maskani ajratiladigan bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar faqat muammolarni joyida hal etishga qaratilayotgani yo‘q. Ishchi guruhi tomonidan sodir etilayotgan har bir illatning tub ildizi, unga imkon berayotgan sharoitlar ilmiy asosda tahlil qilinib, kelgusida jinoyatlarning barvaqt oldini olish metodikalari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bu ham ko‘zlangan maqsadga erishishni jadallashtiradi.
IIV Akademiyasining Axborot xizmati