Jinoyat-protsessual kodeksiga qanday o‘zgartirishlar kiritilmoqda?
Surxondaryo viloyati prokuraturasida “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Viloyatdagi sudlarning sudyalari, prokurorlar, tergovchi va advokatlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov va boshqalar Prezidentimiz joriy yilning 27 sentyabrida imzolagan mazkur qonun bilan fuqarolarga qator imkoniyat va yengilliklar yaratilayotgani haqida so‘z yuritdi. Sud hukmlari, ajrimlar, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari takomillashtirilgani xususida atroflicha fikr almashdi.

Milliy qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda sudlar tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda. Taraflarning xohishiga ko‘ra, sud qarori ustidan o‘n kunlik muddatda apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi, ushbu muddat o‘tgandan so‘ng kassatsiya tartibida shikoyat (protest) keltirilishi mumkin. Bu tartib taraflarning sud qarorlari ustidan shikoyat (protest) keltirish huquqi orqali odil sudlovga erishish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining qarori ustidan shikoyat (protest) berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilayotgani ham ahamiyatlidir.

– Yangi qonun sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtiradi, – deydi Surxondaryo viloyat sudi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti Asqar Qudratov. – Sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifati, taraflarning odil sudlovga erishish darajasi yanada oshiriladi. Fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishi ta’minlanadi. Qonunchiligimizdagi bu o‘zgarishlar 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Viloyatda qonunning mazmun-mohiyatini nafaqat sud–huquq idoralari xodimlari, balki aholi, shu jumladan, jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi va sudlanuvchilar o‘rtasida keng tushuntirish yuzasidan ham tegishli chora-tadbir belgilab oldik.
Seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri