Jidda shahrida yana bir xalqaro forum boshlanmoqda
Ertaga Saudiya Arabistoni Qirolligi Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) va Musulmonlar jahon ligasi (MJL) tashabbusi bilan “Ommaviy axborot vositalarida nafrat va zo‘ravonlik tarqalishi avj olishini kamaytirish” mavzusida xalqaro forum o‘z ishini boshlaydi.
Anjuman tashkilotchilari quyidagi maqsadlarni ko‘zlagan:
– Mas’uliyatli va muvozanatli OAVni rag‘batlantirish;
– OAV rolini, ayniqsa, Yaqin Sharq mintaqasidagi dolzarb voqealarni, nozik madaniy va diniy muammolarni muvozanatli, xolis yoritishni ta’minlash va OAV bilan ishlashdagi kamchiliklarni chuqur tahlil qilish muhimligini ta’kidlash;

– OAVda nafrat va zo‘ravonlik kuchayishini kamaytirish;
– OAVdagi noxolislik va tarafkashlikning xalqaro voqealarga, diniy va madaniy hamkorlikka salbiy ta’sirini monitoring qilish va ayni ta’sirlarni kamaytirish uchun strategiyalar ishlab chiqish;
– Dinlararo va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash;
– Nozik va dolzarb masalalarni hal etishning ommaviy axborot vositalari aspektiga e’tibor qaratish va turli dinlar va madaniyatlar o‘rtasidagi munosabatlarga oid masalalarni muhokama qilish uchun platforma yaratish;
– Tegishli masalalarni hal qilish bo‘yicha umumiy yo‘l-yo‘riqlar berish;
– Murakkab, nozik masalalarni ideal va mas’uliyat bilan hal qilish bo‘yicha umumiy qarashlar, yo‘l-yo‘riqlar bilan ta’minlash, ushbu maqsadga islom tashkilotlari rahbarlari, turli din va madaniyatga mansub xalqaro diniy yetakchilar hamda axborot vazirlari ishtirokidia maslahat, yo‘l-yo‘riq sessiyalari tashkil etish orqali erishish.

Mazkur nufuzli tadbirda dunyoning 50 dan ziyod axborot agentliklari vakillari, islom olamining mashhur ulamolari, vazirlar va siyosiy ekspertlari, jumladan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xodimlari ham ishtirok etadi.
– Ayni payt G‘azodagi voqealar ommaviy axborot vositalarida turlicha talqin qilinmoqda, – deydi Somali Milliy axborot agentligi bosh direktori Ismoil Muxtor Umar. – Yaqin Sharqdagi tahlikali vaziyatni ommaga yetkazishda ba’zan noxolislik kuzatilmoqda. Isroil va G‘azoda nimalar ro‘y berayotgani haqida ijtimoiy tarmoq feyk xabarlar, fitna nazariyalari, nafrat izhoriga to‘lib ketgan. Soxta akkauntlardan odamlarni manipulyatsiya qilish uchun foydalanilmoqda.

Shu bois forumda ayni nozik, dolzarb masalalarni hal etishda OAV aspektiga alohida e’tibor qaratish niyatidamiz.
– Keyingi davrda media maydonda, ayniqsa ijtimoiy tarmoqda asossiz ravishda ko‘payib borayotgan feyk xabarlar va dezinformatsiya haqqoniy va rasmiy axborot yetishmasligi bilan bevosita bog‘liq, – dedi Iordaniya dinlararo munosabatlar tadqiqot markazi direktori Nobil Haddod. – Ayrim ommaviy axborot vositalari tashqi kommunikatsiya haqida, deyarli, o‘ylamaydi. Fikrimcha, avvalo ichki kommunikatsiya va boshqaruvni takomillashtirish orqali tashqi jamoatchilik bilan aloqani tizimli yo‘lga qo‘yish mumkin.
Muharrama Pirmatova,
O‘tkir Alimov, O‘zA
Jidda, Saudiya Arabistoni