JCH–2026 mezbonlarining xarajatlari 14 milliard dollargacha baholanmoqda
FIFA esa chipta narxlarining oshishi va media huquqlaridan olinadigan tushum hisobiga turnirdan rekord darajadagi 13–14 milliard dollar daromad olishni rejalashtirmoqda.
AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkazilayotgan JCH–2026 uchun mezbon davlatlarning umumiy xarajatlari 12–14 milliard dollar atrofida baholanmoqda.
Xarajatlarning asosiy qismini AQSh o‘z zimmasiga olgan. Jumladan, turnir xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan dronlardan himoyalanish tizimlari uchun 500 million dollar ajratilgan. Mahalliy qonunchilik sabab umumiy smetaning katta qismi oshkor qilinmagan.
Kanada turnir uchun qariyb 800 million dollar sarflamoqda. Ushbu mablag‘ Toronto shahri, Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasi va Vankuverdagi tashkiliy xarajatlarni ham o‘z ichiga oladi.
Meksikaning xarajatlari esa nisbatan kam. Bunga mamlakatda mavjud mashhur stadionlar modernizatsiya qilinib, yangi arenalar qurilmagani sabab bo‘lgan.
JCH–2026ning asosiy moliyaviy afzalligi — mezbon davlatlar deyarli yangi stadion barpo etmadi. Turnirda asosan NFL va futbol uchrashuvlari uchun avvaldan mavjud infratuzilmadan foydalanilmoqda.
FIFA esa chipta narxlarining oshishi va media huquqlaridan olinadigan tushum hisobiga turnirdan rekord darajadagi 13–14 milliard dollar daromad olishni rejalashtirmoqda.
Taqqoslash uchun, Qatar mezbonlik qilgan JCH–2022 xarajatlari 220 milliard dollardan oshgan. Bunga yangi stadionlar, shaharlar va boshqa infratuzilma obyektlarining noldan qurilgani sabab bo‘lgan.