JCH-2026: Ispaniya yirik hisobda g‘alaba qozondi
Jahon chempionatining “H” guruhida Ispaniya ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi va turnir jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Atlanta shahridagi «Mersedes-Bens» stadionida futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionatining “H” guruhidan o‘rin olgan Ispaniya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari bahsi bo‘lib o‘tdi.
Guruh bosqichining ikkinchi turidan o‘rin olgan uchrashuvda ispanlar raqibidan har tomonlama ustun keldi. Hisob 10-daqiqada Lamin Yamal tomonidan ochilgan bo‘lsa, Mikel Oyarsabal 21 va 24-daqiqalarda ketma-ket gollar kiritib, jamoasining ustunligini mustahkamladi.

Tanaffusdan so‘ng ham hujumkor o‘yin namoyish etgan Ispaniya terma jamoasi 49-daqiqada yana gol urdi. Raqib darvozasi oldidagi xavfli vaziyatda Saudiya Arabistoni himoyachisi Xassan Al-Tambakti o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.
Shu tariqa uchrashuv Ispaniyaning 4:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi va ular ochkolarini 4 taga yetkazib olgan holda birinchi pog‘onaga ko‘tarildi.
“H” guruhining yana bir uchrashuvida Urugvay va Kabo-Verde terma jamoalari Toshkent vaqti bilan 22-iyun soat 03:00 da maydonga tushadi.
Shuningdek, 22-iyun sanasida “G” guruhida Belgiya – Eron bahsi soat 00:00 da start oladi. Yangi Zelandiya hamda Misr terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv esa 22-iyun kuni soat 06:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA