JCH–2026: Ikkinchi tur oldidan guruhlardagi vaziyat qanday?
Futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionatida guruh bosqichining birinchi tur uchrashuvlari yakunlandi. Dastlabki uchrashuvlardan keyin ayrim terma jamoalar pley-off sari muhim qadam tashlagan bo‘lsa, boshqalari uchun ikkinchi tur hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionati guruh bosqichining birinchi tur uchrashuvlari yakunlandi. Dastlabki tur natijalari ayrim jamoalarning pley-off sari muhim qadam tashlaganini ko‘rsatgan bo‘lsa, ba’zi favoritlar kutilmaganda ochko yo‘qotdi.
Guruhlardagi hozirgi vaziyat va navbatdagi uchrashuvlarga nazar tashlaymiz.
“A” guruhida Meksika hamda Koreya Respublikasi terma jamoalari dastlabki turdan keyin 3 ochkodan jamg‘arib, peshqadamlik qilmoqda. Chexiya va Janubiy Afrika Respublikasi hisobida esa hozircha ochko yo‘q.

Mazkur guruhning ikkinchi tur bahslari bugun start oladi. Unda mamlakatimiz vaqti bilan soat 21:00 da Chexiya – Janubiy Afrika Respublikasi, 19-iyun tongi soat 06:00 da esa Meksika – Koreya Respublikasi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
“V” guruhida esa vaziyat mutlaqo teng. Shveysariya, Kanada, Qatar hamda Bosniya va Gersegovina terma jamoalarining har biri hisobida bir ochkodan mavjud. Bu esa guruhdagi kurashning yanada keskin tus olishiga sabab bo‘lmoqda.

Ikkinchi tur doirasida Shveysariya – Bosniya va Gersegovina (19-iyun, 00:00) hamda Kanada – Qatar (19-iyun, 03:00) bahslari bo‘lib o‘tadi.
“S” guruhida Shotlandiya terma jamoasi birinchi turdagi g‘alaba orqali 3 ochko bilan birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Marokash va Braziliya bir ochkodan jamg‘argan bo‘lsa, Gaiti hisobida ochko yo‘q. Bu guruhdagi ikkinchi tur bahslarida Braziliya – Gaiti hamda Shotlandiya – Marokash jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.

Chempionat mezbonlaridan biri bo‘lgan AQSH terma jamoasi “D” guruhida to‘plar nisbatiga ko‘ra birinchi o‘rinni egallab turibdi. Avstraliya ham 3 ochko jamg‘argan bo‘lsa, Turkiya va Paragvay dastlabki turdan keyin ochkosiz qoldi.
19-iyun kuni AQSH – Avstraliya hamda Turkiya – Paragvay bahslari bo‘lib o‘tadi. Ushbu o‘yinlar guruhdagi kuchlar nisbatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

“Ye” guruhida Germaniya yirik hisobdagi g‘alabasi tufayli peshqadamga aylandi. Kot-d’Ivuar ham 3 ochko jamg‘argan bo‘lsa-da, to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rindan joy olgan. Ekvador va Kyurasao hisobida esa ochko yo‘q.
20-iyun kuni Germaniya – Kot-d’Ivuar uchrashuvi guruh yetakchisini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Ekvador va Kyurasao ilk ochkolari uchun kurash olib boradi.

“F” guruhida Shvetsiya terma jamoasi birinchi turdagi ishonchli g‘alabadan keyin 3 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Yaponiya va Niderlandiya o‘zaro durang qayd etgani bois hisobida bir ochkodan mavjud. Tunis esa musobaqani mag‘lubiyat bilan boshladi.
20-iyun kuni Niderlandiya – Shvetsiya hamda Tunis – Yaponiya uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ayniqsa, Niderlandiya va Shvetsiya o‘rtasidagi bahs guruh yetakchiligi uchun kurash nuqtai nazaridan katta qiziqish uyg‘otmoqda.

“G” guruhidagi vaziyat hozircha eng muvozanatli ko‘rinish olgan. Chunki birinchi turdagi har ikki bahs durang bilan yakunlandi. Natijada Yangi Zelandiya, Eron, Belgiya va Misr terma jamoalarining har biri hisobida bir ochkodan mavjud.
21-iyun kuni Belgiya – Eron hamda Yangi Zelandiya – Misr bahslari bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuvlardan keyin guruhdagi vaziyat ancha oydinlashadi.

“H” guruhida ham barcha jamoalar birinchi turni durang bilan yakunladi. Urugvay va Saudiya Arabistoni bahsi 1:1 hisobida tugagan bo‘lsa, Ispaniya hamda Kabo-Verde g‘olib nomini aniqlay olmadi. 21-iyun kuni Ispaniya – Saudiya Arabistoni va Urugvay – Kabo-Verde uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ayniqsa, Ispaniya terma jamoasi uchun navbatdagi bahs muhim ahamiyat kasb etadi.

“I” guruhida Norvegiya va Fransiya terma jamoalari g‘alaba bilan start oldi. Norvegiya to‘plar nisbatiga ko‘ra birinchi o‘rinni egallab turibdi. Fransiya ikkinchi pog‘onada bormoqda. Senegal hamda Iroq hisobida esa hozircha ochko yo‘q.
22-iyun kuni Norvegiya – Senegal va Fransiya – Iroq bahslari bo‘lib o‘tadi. G‘alaba qozongan jamoalar pley-off masalasini muddatidan avval hal qilishi mumkin.

“J” guruhida Argentina va Avstriya terma jamoalari birinchi turda g‘alaba qozonib, 3 ochkodan jamg‘ardi. Iordaniya hamda Jazoir esa ochkosiz qolmoqda. 22-iyun kuni Argentina va Avstriya guruh yetakchiligi uchun maydonga tushadi. Iordaniya hamda Jazoir esa musobaqadagi dastlabki ochkolarini qo‘lga kiritish uchun kurash olib boradi.

“K” guruhida Kolumbiya terma jamoasi birinchi turdan keyin 3 ochko bilan yakka peshqadamga aylandi. Portugaliya hamda Kongo Demokratik Respublikasi hisobida bir ochkodan mavjud. O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa musobaqani mag‘lubiyat bilan boshladi.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoamiz ikkinchi tur doirasida 23-iyun kuni Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi. Shu kuni Kolumbiya hamda Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari ham o‘zaro kuch sinashadi.

“L” guruhida Angliya va Gana terma jamoalari dastlabki turdan keyin uch ochkodan jamg‘arib, yetakchilikni qo‘lga oldi. Xorvatiya hamda Panama esa turnir jadvalining quyi pog‘onalaridan o‘rin olgan.
Mazkur guruhda ikkinchi tur uchrashuvlari 23-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Angliya – Gana hamda Xorvatiya – Panama bahslari tashkil etiladi. Ushbu uchrashuvlar pley-off yo‘llanmasi uchun kurashda muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

Shunday qilib, ikkinchi tur bahslari bir qator guruhlarda pley-off yo‘llanmasi taqdirini hal qilishi, ayrim jamoalar uchun esa musobaqada qolish yoki qolmaslik masalasini belgilab berishi mumkin.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA